23 fevralga belgilangan Germaniya Bundestagiga saylovlarda migratsiya muammolari va iqtisodiy vaziyat asosiy mavzular bo‘ladi. Bu ARD jamoat telekanali va Die Welt gazetasi buyurtmasi bilan infratest dimap instituti tomonidan o‘tkazilgan Deutschlandtrend oylik so‘rovi natijalaridan kelib chiqadi. Ular 9 yanvar, payshanba kuni e’lon qilindi.
Siyosatchilar saylovdan keyin hal qilishi kerak bo‘lgan asosiy masalalar orasida respondentlarning 37 foizi migratsiya masalalarini, uchdan bir qismidan sal ko‘prog‘i (34 foiz) iqtisodiy masalalarni ko‘rsatgan. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro siyosatdagi inqirozlar, jumladan, qurolli to‘qnashuvlar Germaniyadagi har kttinchi saylovchi (14 foiz) uchun birinchi darajali ahamiyatga ega.
Respondentlarning 13 foizi iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitning ifloslanishi bilan bog‘liq muammolarni asosiy mavzu deb atagan. 11 foizi ijtimoiy masalalarni ko‘rsatdi.
Nemislarning yarmidan ko‘pi - Ukrainaga tinchlikparvarlarni yuborish tarafdori
Germaniya aholisining yarmidan ko‘pi Rossiya bilan sulh tuzilgan taqdirda Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu YouGov sotsiologik xizmati tomonidan 20-23 dekabr kunlari o‘tkazilgan reprezentativ so‘rov natijalari, deb xabar berdi dpa agentligi 2 yanvar kuni.
Respondentlarning 56 foizi tinchlikparvar kuchlarni yuborish tarafdori bo‘lsa-da, bor-yo‘g‘i 23 foizi ular tarkibida nemis harbiy xizmatchilarini ko‘rishni xohlaydi, respondentlarning uchdan bir qismi (33 foiz) Bundesver ishtirokiga qarshi. So‘rovda qatnashgan Germaniyaning deyarli har beshinchi aholisi (19 foiz) Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qarshi. Har to‘rtinchi odam bu masala bo‘yicha aniq fikrga ega emas.
NATO ayni damda Ukraina va Rossiya o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishni qanday qilib ta’minlash mumkinligi masalasini muhokama qilmoqda. Biroq, hozircha harbiy harakatlar tez orada tugashi bo‘yicha hech qanday belgi yo‘q.
Shu munosabat bilan Germaniya kansleri Olaf Shols tinchlikparvar kuchlar haqidagi jamoatchilik muhokamasiga qarshi chiqdi. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius rojdestvo oldidan Funke media-guruhiga bergan intervyusida, tinchlikparvarlar masalasi faqat sulh parametrlari aniqlanganda paydo bo‘lishini aytdi. Shu bilan birga, u «Yevropadagi eng yirik NATO a’zosi va qit’aning yetakchi iqtisodiyoti bo‘lgan Germaniya bunga befarq qarab turmasligini» ta’kidladi.