Prezidentning “O‘zbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirish bo‘yicha:
a) 2025 yil 1 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasida “yashil moliyalashtirish” tizimini shakllantirish bo‘yicha milliy dastur ishlab chiqiladi hamda “yashil iqtisodiyot” fondini tashkil etish choralari ko‘riladi;
b) 2025 yildan boshlab quyidagi manbalar hisobidan yashil va kam uglerodli rivojlanish loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga imtiyozli kredit va grant mablag‘larini jalb etish choralari ko‘riladi:
- Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan – bosqichma-bosqich 200 million yevro;
- Jahon bankidan – energetika sektorida metan emissiyasini kamaytirish uchun 10 million dollar;
- Global yashil o‘sish instituti orqali Koreya xalqaro hamkorlik agentligi texnik ko‘magi doirasida – O‘zbekiston-Koreya o‘rtasida yashil hamkorlikni kuchaytirish uchun 6,5 million dollar;
- Jahon bankining iCRAFT loyihasi doirasida – 500 ming tonna qisqartirilgan issiqxona gazlarini sotish hisobiga 7,5 million dollar;
- Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatidan – sanoatni yashillashtirish va azot kislotasi ishlab chiqaruvchi korxonalar atmosferaga chiqarayotgan zararli gazlarini qisqartirish uchun 20 million yevro;
v) 2025 yil sentabrga qadar “yashil iqtisodiyot” loyihalarini amalga oshirishda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan milliy “yashil iqtisodiyot” loyihalarini baholash tartibi tatbiq etiladi;
g) 2025 yil noyabrga qadar qiymati 10 million dollardan yuqori bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik asosida yangi loyihalarni Source xalqaro platformasi va PIERS tizimi bilan integratsiya qilish orqali loyihalarning “yashil komponent”lari va barqaror rivojlanish maqsadlariga mosligini baholash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
d) 2025 yil yakuniga qadar milliy shaffoflik tizimi doirasida issiqxona gazlarini mustaqil tekshirish tashkiloti (validatsiya va verifikatsiya kompaniyasi) faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralari ko‘riladi;
ye) Yevropa Ittifoqining texnik ko‘magida Buxoro, Namangan, Nukus, Urganch shaharlari va G‘uzor tumanida kam uglerodli rivojlanish bo‘yicha harakatlar rejalari ishlab chiqilishi hamda 10 ta ijtimoiy obektning energiya samaradorligi oshirilishi ta’minlanadi.