Prezidentning “O‘zbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
2025 yil 1 sentabrdan boshlab tadbirkorlik sub’yektlarini “yashil tadbirkor” sifatida e’tirof etish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi platforma ishga tushiriladi:
a) quyidagi yo‘nalishlarda belgilangan ko‘rsatkichlarni bajargan tadbirkorlik sub’yektlariga “yashil tadbirkor” maqomini berish:
ko‘kalamzorlashtirish, jumladan, korxonani “yashil belbog‘” bilan o‘rash, sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, tomchilatish, yomg‘irlatish va konteynerli (qopli) sug‘orish tizimini joriy qilish;
energiya tejamkorligi, jumladan, energiya tejovchi uskunalar va texnologiyalarni joriy qilish;
korxonaning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish, jumladan, ekologik huquqbuzarlik sodir etmaslik, atmosferaga tashlamalarni onlayn monitoring qilish tizimini joriy etish;
ishlab chiqarishga sirkulyar iqtisodiyotni joriy qilish (7R) tamoyilini tatbiq etish;
b) “yashil tadbirkor” maqomini olgan tadbirkorlik sub’yektlariga quyidagi qo‘llab-quvvatlash choralarini qo‘llash:
“Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik berish;
muayyan muddat davomida ekologik tekshiruvlardan ozod etish;
xalqaro bozorlarga chiqish uchun qo‘llab-quvvatlash;
tadbirkorlik sub’yektlarining barqarorlik reytingi doirasida qo‘shimcha ball berish.