AQSh Rossiyaning «Gazprom neft» va «Surgutneftegaz» kompaniyalariga qarshi sanksiyalar kiritdi

Jahon 21:31 / 10.01.2025 1317

AQSh Moliya vazirligi Rossiyaning «Gazprom neft» va «Surgutneftegaz» kompaniyalariga qarshi bloklovchi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda OFAC (Chet el aktivlarini nazorat qilish idorasi, AQSh Moliya vazirligining sanksiyalar sohasidagi ijro uchun mas’ul bo‘limi) xabar berdi.

Qora ro‘yxatga «Gazprom neft» sho‘ba korxonalari - Moskva va Omskdagi neftni qayta ishlash zavodlari, «Gazpromneft-Noyabrskneftegaz» va «Gazpromneft-Orenburg» kabi ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek, unga qarashli xorijiy tuzilmalar ham kiritilgan.

Shu bilan birga, OFAC «Gazprom neft» va «Surgutneftegaz» tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinadigan barcha kompaniyalar, hatto ularning nomlari ro‘yxatda bo‘lmasa ham, sanksiyalar sub’yektlari sifatida ko‘rilishini ta’kidlagan.

OFAC 2025 yil 27 fevralgacha «Gazprom neft» va «Surgutneftegaz» bilan operatsiyalarni tugatish va ularning qimmatli qog‘ozlaridan voz kechish uchun litsenziyalar berdi.

Shu bilan birga «Rosnefteflot» («Rosneft»ning sho‘’ba korxonasi), «Ignosstrax» va «Alfastraxovaniye» dengiz transportini sug‘urtalovchi, jumladan, neft va uning mahsulotlarini tashishni sug‘urtalovchi kompaniyalar ham sanksiyalarga tortildi.

AQSh ma’muriyati Rossiya neft eksportchilariga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishni rejalashtirayotgani haqida Bloomberg dekabr oyida yozgan edi. Nashrga ko‘ra, Bayden energiya narxining keskin ko‘tarilishidan qo‘rqib, uzoq vaqtdan buyon bu variantni rad etib kelgan, biroq jahon bozorida yoqilg‘ining haddan tashqari ko‘pligi tufayli neft narxining pasayishi fonida o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan.

Ko‘proq yangiliklar: