Plastik kartalar sonini cheklash: maqsad va oqibatlar haqida mutaxassis fikri

O‘zbekiston 11:57 3764

O‘zbekiston Markaziy banki firibgarlikka qarshi kurashish maqsadida bir shaxsda bo‘lishi mumkin bo‘lgan bank kartalari soniga cheklovlar joriy qildi. Regulyatorning qayd etishicha, bu masala qonunchilik darajasida hal etilmagan va shuning sababli ba’zi fuqarolar 100dan ortiq kartaga ega bo‘lgan holatlar mavjud. Yangi vaqtinchalik tartibga ko‘ra, endilikda fuqarolarga bitta bankda beshtagacha kartaga ega bo‘lishga ruxsat beriladi va umumiy kartalar soni, jumladan, virtual kartalarni ham qo‘shib hisoblaganda, 20 tadan oshmasligi kerak. Mazkur cheklovlar xorijiy valutadagi kartalar uchun amal qilmaydi.

Shu bilan birga, bu cheklovlarning maqsadga muvofiqligi haqida bir nechta savollar mavjud. Bunday cheklovlar ko‘plab iqtisodiy, ijtimoiy va biznes tizimlariga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

To‘lov kartalari iqtisodiyotda juda muhim rol o‘ynaydi, chunki ular iste’molni rag‘batlantiradi, kreditlar, sodiqlik dasturlari va bonus tizimlari orqali foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq, bank kartalarini chiqarishdagi cheklovlar, ayniqsa hududlarda to‘lov imkoniyatlarini murakkablashtirishi, naqd pul infratuzilmasi yukini oshirishi mumkin.

Ijtimoiy va iqtisodiy ta’sirlar

Mazkur cheklovlar natijasida kichik va o‘rta biznes, ayniqsa, xizmat ko‘rsatish sohasi, naqd pulsiz hisob-kitoblarga o‘rganib qolgan mijozlarining bir qismini yo‘qotishi mumkin. Bu daromadlarning pasayishiga, naqd pul bilan muomala qilish xarajatlarining oshishiga va raqobatbardoshlikning pasayishiga olib keladi. Shuningdek, naqd pulsiz to‘lov innovatsiyalarini ishlab chiqayotgan moliyaviy xizmatlar va fintex kompaniyalari ham qiyinchiliklarga duch kelishadi.

Bunday cheklov firibgarlikka qarshi kurashda qanchalik samara berishi savol ostida qolmoqda. Chunki naqd pul ham o‘g‘rilanishga moyil va kartalarni cheklash faqatgina xavfsizlikni kuchaytirish va sug‘urtaga ehtiyojni, shuningdek, qo‘shimcha pul mablag‘larini boshqarish xarajatlarini oshirishi mumkin. Bundan tashqari, kartalar muomalasiga qo‘yilgan cheklovlar iqtisodiyotni raqamlashtirishning muhim elementi bo‘lgan elektron biznes va onlayn to‘lovlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Xalqaro tajriba

Xalqaro tajribaga ko‘ra, kartalarni chiqarish va ishlatishda deyarli hech qanday cheklovlar mavjud emas. Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida banklar bir mijoz uchun bir nechta debet kartalarini chiqarish imkoniyatini taklif qiladi, agar ular turli tizimlarga tegishli bo‘lsa (Visa, Mastercard) yoki har xil turdagi (masalan, standart va premium) bo‘lsa. AQShda ham mijozlar bir bankdan bir nechta debet kartalarini olishlari mumkin, ayniqsa, turli hisoblarga tegishli bo‘lsa.

Osiyo mamlakatlarida, xususan, Xitoy va Hindistonda banklar bir nechta debet kartalarini ochishga ruxsat beradi. Rossiyada esa banklar bir hisob uchun bir nechta kartalarni chiqarish imkoniyatini taqdim etadi, shu jumladan, qarindoshlar yoki qo‘shimcha foydalanuvchilar uchun kartalarni chiqarishga ruxsat beriladi.

Konstitutsiyaviy huquqlar va cheklovlar

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21-moddasiga ko‘ra, insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin. Bu maqsadga erishish uchun har qanday cheklov mutanosib va asosli bo‘lishi, cheklov va maqsad o‘rtasidagi bog‘liqlik aniq va ishonchli bo‘lishi kerak.

O‘z mulkini tasarruf etish huquqi ham muhim. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasiga ko‘ra, mulkdor o‘z mulkini xohishiga ko‘ra boshqarish huquqiga ega. Bu huquq to‘lov kartalari kabi moliyaviy vositalardan foydalanishni ham nazarda tutadi. Shuningdek, Konstitutsiyaning 65-moddasi iqtisodiy faoliyat erkinligining tengligi prinsipi ahamiyatini ta’kidlaydi. Kartalar sonini cheklash esa bu prinsipni buzishi mumkin.

To‘lov kartalarining chiqarilishini cheklash omma fikri, ya’ni to‘lov kartalari egalari fikrini inobatga olmasdan qabul qilingani sababli, joriy etilgan cheklov bekor qilinishi va ushbu yondashuv qayta ko‘rib chiqilishi zarur. To‘lov kartasi — bu faqat tranzaksiyalarni amalga oshirish vositasi bo‘lib, ularning soniga cheklov qo‘yish moliyaviy tizimning asosiy muammolarini hal qilmaydi. Aksincha, bunday chora-tadbirlar aholiga va biznesga keraksiz to‘siqlar yaratib, hisob-kitoblar qulayligi va mavjudligiga xalal berishi mumkin. Buning o‘rniga, tartibga soluvchilar naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirishni rag‘batlantirish, ularning mavjudligini oshirish va aholining moliyaviy tizimga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarga e’tibor qaratishi kerak. Naqd pulsiz to‘lovlardan foydalanish shartlarini soddalashtirish va ularni kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish moliyaviy sektor barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashga yanada samarali hissa qo‘shadi.

Asosiy fikr shundaki, vaqtinchalik tartibni bekor qilish kerak. Oxirgi bandda esa aniq aytilganidek, bu firibgarlarning ishiga xalal bermaydi, ular shunchaki yangi sharoitlarga moslashadi.

To‘lov kartalari sonini cheklash firibgarlar bilan muammolarni hal qilmaydi, chunki firibgarlik sxemalari yangi sharoitlarga moslashadi, vaqtinchalik choralar esa uzoq muddatli va samarasiz bo‘lib qolishi mumkin. Sun’iy cheklovlarni joriy etish o‘rniga, kartalar chiqarilishi va aylanish tizimini takomillashtirish, shuningdek, aholining moliyaviy savodxonligini oshirishga e’tibor qaratish kerak. Firibgarlikka qarshi kurashda muhim qadam sifatida fuqarolarni moliyaviy xavflar va o‘z mablag‘larini himoya qilish usullari haqida xabardor qilishga qaratilgan keng qamrovli axborot kampaniyalarini o‘tkazish bo‘ladi. Faqat kompleks yondashuv to‘lov operatsiyalari xavfsizligini haqiqatan oshirishni ta’minlaydi.

Ahror Mahmudov

Ko‘proq yangiliklar: