Imperialist Tramp: u ham xuddi Putindek qo‘shnilarning yerlariga ko‘z olaytirmoqda

Jahon 17:26 / 09.01.2025 2813

Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimida ish boshlashiga sanoqli kunlar qolganida matbuot anjumani o‘tkazib, Kanada va Grenlandiyani Amerikaga qo‘shib olish, Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlarni tugatish kabi masalalarda yangi bayonotlar berdi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Trampning so‘nggi vaqtlardagi shu kabi ritorikalariga munosabat bildirdi.

Urushni olti oy ichida to‘xtatishga umid bildirgan Trampning aniq strategik rejalari bormi?

— Ayni paytda Tramp va uning jamoasida aniq strategiya yo‘q. Chunki strategiya ishlab chiqish uchun keng qamrovli informatsion resurslar kerak. Tramp va uning jamoasi esa bunday ma’lumotlarni olish vakolatiga ega emas. Hozircha ularda urushdagi tomonlarga bosim qilinsa, ular vaziyat yomonlashishidan qo‘rqqan holda urushni to‘xtatishi mumkin, degan qarash mavjud. Biroq amalda Rossiya urushni hozir to‘xtatishdan manfaatdor emas, chunki u Ukrainani NATOga a’zo bo‘lish imkoniyatidan butkul mahrum qilmoqchi.

Shuningdek, Ukraina ham urushni to‘xtatishdan manfaatdor emas, aniqrog‘i u urush to‘xtatilishiga ishonmaydi, ya’ni Rossiya Trampning 4 yillik vakolat muddatida kelishuv asosida urushni muzlatishi, bu vaqt davomida yana urushga tayyorlanishi, keyinchalik esa yana Ukrainaga bostirib kirishi mumkin. Chunki Rossiya Qrimni tortib olganidan keyin Ukrainaga hech qachon bostirib kirmasligi haqida jiddiy bayonotlar bergan, hatto Sergey Lavrov ham ehtimol Putinning rejasidan bexabar holda Ukrainaga hujum qilmaslik to‘g‘risida jiddiy chiqishlar qilgan.

Zelenskiy o‘zining bayonotlarida urushni to‘xtatishdan manfaatdor ekanini aytmoqda, ya’ni Trampning ritorikasiga tushib oldi. Rossiya esa muzokaralar uchun Zelenskiy qayta prezidentlik saylovida yana g‘alaba qozonishi kerakligini aytyapti, yo‘qsa, AQShning o‘zi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni so‘rayapti, Ukraina esa bunga qarshi.

Trampning ayni paytdagi bayonotlarini Putinga yon bosish sifatida baholash mumkin, chunki u NATOning kengayishi noto‘g‘ri bo‘lganini aytyapti va Putinga nisbatan ehtiyotkorona harakat qilyapti. Trampning atrofidagilar Putinning asosiy maqsadini juda yaxshi tushunib turibdi, ya’ni Rossiya ayni paytda urushni to‘xtatmoqchi emas, u Kurskni qaytarib olishi va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lmasligini ta’minlashi kerak. Tramp Ukrainaning NATOga qo‘shilmasligini aytsa ham, Putin Trampga ishonmaydi.

Bu yerda har tomonlama ishonchsizlik bor, masalan, Ukraina va Rossiya ham, Rossiya va NATO ham bir-birlariga umuman ishonmaydi. Bundan tashqari, Putin o‘zi hokimiyatni tark etgan taqdirda, yangi prezident egallangan hududlarni Ukrainaga qaytarib berolmasligi uchum Qrim, DXR, LXR, Zaporijjya va Xerson viloyatlarini konstitutsiyaga Rossiya hududlari sifatida kiritgan. Chunki konstitutsiyada belgilangan hududni o‘z tarkibidan chiqarib boshqa davlatga berish protsedurasi mavjud emas. Endilikda yuqorida sanalgan hududlar Rossiya konstitutsiyasi bo‘yicha unga tegishli, ammo ularning bir qismi Ukraina nazoratida.

Agar Zelenskiy Rossiya egallagan hududlarning Rossiyada qolishiga ko‘ngan taqdirda ham, 10-20 yil ichida Ukrainaning qolgan hududlari baribir NATOga a’zo bo‘ladi, Putin ularni bundan abadiy mahrum qilmoqchi, Ukraina esa bunga rozi emas.

Agar HAMAS garovga olinganlarni ozod qilmasa, Trampning Yaqin Sharqni jahannamga aylantiraman, degan bayonoti nimaga asoslangan? Bu masaladagi Amerika siyosati qanday bo‘ladi?

— Dunyo Trampning bayonotlariga moslashyapti, ya’ni u avval ham 4 yil davomida prezident bo‘lgani uchun uni ko‘pchilik yaxshi biladi. U qarshi tomonlarga qo‘rqinchli bayonot beradi va bayonotlarida aytganlarini amalga oshirishga urinib ko‘radi, biroq u tizimli siyosatchi bo‘lmagani uchun ham aytganlarini oxirigacha olib bormaydi. Masalan, Shimoliy Koreya yoki Xitoy borasida bergan bayonotlarida aytilgan rejalarning hammasi ham amalga oshmagan.

G‘azo masalasiga kelsak, Isroilning o‘zi G‘azoni allaqachon to‘laligicha vayron qilib bo‘ldi, endi Tramp Isroildan ortiq biror ish qilolmaydi. Isroil G‘azoni yashashga yaroqsiz hududga aylantirib bo‘ldi. Xalqaro jinoyat sudining bayonotlariga ko‘ra, u yerda genotsid amalga oshirilgan.

Trampning avvalgi vakolat muddatida u bilan kelishgan holda xalqaro jinoyatlar amalga oshirilgan, masalan, Jo‘lan tepaliklari faqatgina AQSh tomonidan Isroil hududi sifatida tan olingan va boshqa davlatlar hali buni tan olmagan, bunday holatlar navbatdagi vakolat muddatida ham kuzatiladi, albatta.

Kanada AQShning 51-shtatiga aylantirilishiga oid iqtisodiy vositalar qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin?

— Trampning atrofida “kabutarlar” (tinchlik va murosa tarafdorlari) va “lochinlar” (davlatning qudratini kuch ishlatish bilan namoyish qilish tarafdorlari) bor. Ular Trampning hokimiyatga kelganidan foydalanib, o‘z loyihalarini amalga oshirmoqchi va ularning asosiy loyihalaridan biri – bu Kanada.

Deyarli butun dunyo davlatlari migratsiya oshib ketganidan shikoyat qiladi va faqatgina Kanada tug‘ilish yaxshi bo‘lishiga qaramay, odam yetishmay qolgani haqida bayonot beradi. Chunki bu davlat dunyoda hududi kattaligi bo‘yicha Rossiyadan keyingi ikkinchi davlat. Kanada harbiy tomonlama juda bosiq davlat va xalqaro munosabatlarga ham juda kam aralashadi. AQSh bilan solishtirganda, Kanadaning aholisi 10 marta kamroq.

Bunga o‘xshash tahdid faqat unga emas, balki Meksikaga ham qilinyapti, chunki Tramp Shimoliy Amerikadagi ayrim hududlarni AQShga qo‘shib olishni orzu qilyapti. Hozirda bu qit’a davlatlari o‘rtasida o‘zaro yaxshi iqtisodiy, bojsiz munosabatlar mavjud. Tramp esa shu bojlarni oshirish bilan bosim o‘tkazmoqchi, bu bir muddat ish berishi ham mumkin, lekin Kanada bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabati tarafdorlari bo‘lgan respublikachilar juda ko‘p va uning mazkur qarorlariga veto qo‘yilishi ham mumkin.

Kanada Trampning bayonotlarini jiddiy qabul qilgani yo‘q. Chunki liderlar uning psixologiyasini juda yaxshi o‘rganishgan. Trampning atrofidagi “lochinlar” uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiya ishlab chiqmoqchi, chunki kelajakda global raqobat kuchayishi aniq va ular bu raqobatda AQSh aholi va hudud jihatidan juda katta figuraga aylanishi kerak degan fikrda.

Grenlandiya milliy xavfsizlik uchun zarur deb hisoblanishining sabablari nimada, nega Tramp Grenlandiyaga bunchalik intilyapti?

— Grenlandiya masalasi Kanadaga qaraganda ko‘proq ko‘tarilyapti. Grenlandiya rasmiy ravishda Daniyaning tarkibiga kiradi. Daniya – Amerikaning yaqin ittifoqchilaridan. Grenlandiya asosan muzlik bilan qoplangan. Lekin dunyoda iqlim o‘zgarayotgani sabab muzliklar erib, Grenlandiyaning asosiy hududi sekin-asta ochilib bormoqda, ya’ni asrning ikkinchi yarmiga borib, Grenlandiya anchagina unumli foydalanilsa bo‘ladigan hududga aylanishi mumkin. Hudud aholisi 50 ming kishini tashkil qiladi, biroq shu kam sonli aholida Daniyaga nisbatan separatizm kuchli. 20-asrning ikkinchi yarmida Daniya oilani rejalashtirish bahonasida tug‘ilishni kamaytirishga qaror qilgan va natijada mahalliy odamlar norozi bo‘lishni boshlagan. Hozirgi kunda ham Grenlandiyaning mahalliy aholisi Daniyadan mustaqil bo‘lishni orzu qiladi.

Tramp Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish masalasini ko‘targan birinchi odam emas. 1867 yilda Amerikaning o‘sha davrdagi davlat kotibi, tashqi ishlar vaziri Edvard Sivort Grenlandiyani sotib olishni taklif qilgan, ammo hech kim bunga qiziqmagan. Lekin dunyodagi eng katta urush, Ikkinchi jahon urushida Grenlandiyaning o‘rni juda oshib ketgan. Chunki bir tomondan Germaniya, ikkinchi tomondan Sovet Ittifoqi bo‘lgan va shu vaziyatda bu orol Amerika uchun juda muhim strategik rol o‘ynagan. Urush tugagach, 1946 yilda AQSh Daniyaga Grenlandiyani 100 mln dollarga sotishni taklif qilgan, biroq Daniya taklifga uzil-kesil rad javobini bergan.

1949 yilda NATO tashkil topgach, Daniya bu tashkilotga a’zo bo‘ldi va AQSh harbiy bazalari Grenlandiyaga joylashdi, natijada u yerni sotib olish ehtiyoji yo‘qoldi. Biroq Xitoy ham katta mablag‘ evaziga orolni sotib olmoqchi bo‘layotgani va rossiyaliklar ham Grenlandiya elitasi bilan aloqa o‘rnatishga urinayotgani sababli Amerika bezovtalanmoqda.

Shuningdek, bu oroldan qazilma boyliklar ham chiqmoqda: u yerda uran va litiy kabi moddalar bor, bu esa AQShning orolga bo‘lgan qiziqishini oshiryapti. Hozirda AQSh Grenlandiyaga o‘ziga qo‘shilishni va aholisiga Amerika pasportini taklif qilyapti, bunda Amerika orol aholisining xavfsizligini ta’minlashni, boshqaruvni esa o‘zlarida qoldirishni va’da qilyapti.

AQShning bunday loyihalarini Okeaniya, Fiji, Papua yoki Yangi Gvineya orollari kabi kichik davlatlarga yondashuv misolida ko‘rishimiz mumkin. Grenlandiya elitasi esa mustaqil davlat tarafdori, ya’ni o‘z manfaatlaridan kelib chiqib, istalgan davlat bilan aloqalarni o‘rnatishni xohlamoqda. Amerika esa o‘z navbatida iqtisodiy yoki harbiy bosim qilishi mumkinligini istisno etmayapti. Shuningdek, amerikaliklar Grenlandiya poytaxtining Daniyadan ko‘ra aynan Nyu-Yorkka yaqinroq ekanini ham argument sifatida keltirishmoqda.

Grenlandiya sabab Daniya bilan keskinlik NATOda ichki ziddiyatlarni kuchaytirishi mumkinmi?

— Donald Trampning birinchi 4 yilligida uning asosiy ziddiyatlari NATO bilan bo‘ldi. Bunga Angela Merkel bilan munosabatlarni misol tariqasida keltirish mumkin, u Merkel bilan doimiy ziddiyatda bo‘lgan, hatto qo‘l siqishmagan. Bu – NATO Tramp uchun asosiy qadriyat emasligini anglatadi. Shu sababli Daniya bilan ziddiyatlar uni qo‘rqitmaydi.

Hozirda Daniya Grenlandiya xavfsizligini ta’minlash uchun NATOga budjetdan ko‘proq mablag‘ ajratishi haqida bayonot bermoqda. AQSh bosimni oshirgan holda, baribir Grenlandiyani o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladi, bunga AQSh parlamenti ham katta qarshilik qilmasligi mumkin, chunki davlat hududini kengaytirish milliy manfaatlarga mos keladi. Orol aholisida separatizm kayfiyati kuchayishda davom etsa, Daniya Amerikaga uzoq qarshilik ko‘rsata olmasligi ham mumkin, chunki xalqning fikri hisobga olinadi.

Masalan, Birlashgan Qirollikni oladigan bo‘lsak, Breksitdan oldin Shotlandiya Birlashgan Qirollikdan chiqish bo‘yicha referendum o‘tkazilganida ozgina ovoz yetmay qolgan edi, ammo hozir bu masala yana kun tartibiga ko‘tarilgan. Aynan Grenlandiya aholisi o‘zlariga nisbatan qo‘llangan demografik qisqartirish siyosatini qo‘llagan Daniya elitasiga qarshi kayfiyatda bo‘lishni davom ettirsa, kun kelib ular baribir ajralib chiqadi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

 
Ko‘proq yangiliklar: