8 yanvar, chorshanba kuni Germaniya va Fransiya Donald Trampni AQShning saylangan prezidenti Grenlandiyani harbiy yo‘l bilan egallab olishni istisno etmaganidan keyin «suveren chegaralar»ga tahdid qilmaslik to‘g‘risida ogohlantirdi.
Germaniya kansleri Olaf Sholsning aytishicha, chegaralar daxlsizligi tamoyili «sharq yoki g‘arbda bo‘lishidan qat’i nazar, har bir davlatga tegishli». Bu tamoyil har bir mamlakat tomonidan hurmat qilinishi kerak, «u kichik yoki juda qudratli davlat bo‘lishidan qat’i nazar», deb ta’kidladi Shols.
Germaniya hukumati vakili Shteffen Xebeshtrayt ham «chegaralarni kuch bilan o‘zgartirmaslik kerak» degan «qat’iy tamoyil»ni eslatdi. Berlin Trampning tahdidlarini jiddiy qabul qiladimi, degan savolga Xebeshtrayt javob bermadi.
Parij: Yevropa Ittifoqi mudofaani kuchaytirishi kerak
Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barrot France Inter radiosiga bergan intervyusida Yevropa Ittifoqi «kim bo‘lishidan qat’i nazar, boshqa davlatlar suveren chegaralariga hujum qilishiga imkon bermaydi», dedi.
«Agar siz mendan: «AQSh Grenlandiyaga bostirib kiradimi?» deb so‘rasangiz, javob salbiy bo‘ladi», dedi fransuz vaziri va «eng kuchlilar qonuni» qaytgan davr boshlanganini ta’kidladi. «Uyg‘onishimiz va o‘zimizni harbiy jihatdan kuchaytirishimiz kerak», — deydi Barro.
U, shuningdek, AQShni «tabiatan imperialistik emas» deb atadi. Biroq Fransiya hukumati matbuot kotibi Sofi Primas Trampning izohlari «imperializmning bir ko‘rinishi» ekanini aytdi, deb yozadi AFP.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Grenlandiyani «Yevropa hududi» deb atadi. AFP ta’kidlaganidek, Daniya Birlashgan Qirolligining bir qismi bo‘lgan Grenlandiya 1985 yilda muxtoriyatga ega bo‘lgach, Yevropa Ittifoqini tark etgan.
Donald Trampning o‘g‘li Grenlandiyaga uchib keldi
Kichik Donald Tramp Daniyaga qarashli Grenlandiyaning Nuuk shahriga yetib keldi – bu AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp hududni nazorat qilish istagini yana bir bor ta’kidlaganidan ikki hafta o‘tib ro‘y berdi. 7 yanvar kuni yon tomonida «Tramp» yozuvi bo‘lgan Boeing 757 samolyoti aeroportga qo‘ndi.
Tramp safar haqida 6 yanvar kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi. «Mening o‘g‘lim kichik Don va AQShning turli vakillari u yerga eng ajoyib va diqqatga sazovor joylarni ko‘rish uchun boradilar», deb yozdi u.
Daniya Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, bu ma’lumotni e’tiborga olganini ma’lum qildi. «Bu Amerikaning rasmiy tashrifi bo‘lmagani uchun Daniya Tashqi ishlar vazirligi boshqa izoh bera olmaydi», — deya ta’kidlagan idora.