Dekabr oxirida Germaniyaga dronlarning ommaviy uchib kirishi kuzatildi

Jahon 14:42 / 09.01.2025 2078

Bild gazetasiga ko‘ra, dekabr oyi oxirida Germaniyaning g‘arbiy qismida dronlarning ommaviy uchib kirishi qayd etilgan. Hodisa Germaniyada 25—26 dekabr kunlari nishonlanadigan rojdestvo oldidan Reynland-Pfats federal yerida sodir bo‘lgan va harbiy obektlarga ta’sir qilgan, deb yozadi nashr 8 yanvar, chorshanba kuni hudud ichki ishlar vazirligiga tayanib.

2024 yilda — faqat Reynland-Pfalsda 100 ga yaqin holat

Dronlarning hech biri tutib olinmagan. Materialda gap qaysi harbiy obektlar haqida ketayotganiga aniqlik kiritilmagan. G‘arbiy Germaniyadagi Reynland-Pfalsda, boshqa joylardan tashqari, Amerikaning Ramshtayn harbiy bazasi joylashgan. Hudud ichki ishlar vazirligi vakili ham birgina shu mintaqada 2024 yilda 100 ga yaqin shunga o‘xshash holat qayd etilganini ma’lum qildi. Ulardan 30 tasi «AQSh obektlari» yaqinida sodir bo‘lgan.

«Germaniyada xavfsizlik obektlarini kuzatish uchun katta dronlardan foydalanish ham sezilarli darajada ortib bormoqda. Bu, ehtimol, Rossiya gibrid urushining bir qismidir», dedi hudud ichki ishlar vazirligi vakili Bild nashriga yozma javobida. Nashr ta’kidlaganidek, idora odatda davlat siri bo‘lgani uchun oshkor etilmaydigan bunday ma’lumotni jurnalistlarga birinchi marta ma’lum qilmoqda.

Gazeta, shuningdek, xabardor manbalarga tayanib, gap katta dronlar, jumladan, yengil avtomobilga o‘xshash o‘lchamdagi vositalar haqida ketayotganiga ishora qildi. Bular ommaviy sotib olinmaydigan dronlar bo‘lib, ularning parvoz radiusi 188 kmdan oshishi mumkin, deb xabar beradi Bild. Shuning uchun Germaniyada razvedka operatsiyalari uchun foydalaniladigan bunday dronlarning ishga tushirilishi uning chegaralaridan tashqarida ham amalga oshirilishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi u.

Germaniya uzra dronlar

Noma’lum dronlar Germaniya shimolida ilk bor avgust oyida paydo bo‘lgan. Brunsbyuttel hududida ular ChemCoast Park sanoat parki, ishlamayotgan atom elektr stansiyasi, STG terminali, Kil kanali va uning shlyuzlari ustidan uchib o‘tgan. NDR va WDR ma’lumotlariga ko‘ra, bular tezligi soatiga 100 kmdan oshadigan juda tez UUA bo‘lgan. Xavfsizlik bo‘yicha mutaxassislarning fikricha, bunday yo‘l bilan faqat harbiy uchuvchisiz uchish qurilmalari, qanoti harakatsiz ravishda uchib o‘tishi mumkin.

Noyabr oyining oxiridan boshlab, Lyudvigsxafen yaqinidagi BASF konserni zavodlari, shuningdek, AQSh harbiy-havo kuchlarining Yevropadagi shtab-kvartirasi joylashgan Ramshtayn aviabazasi uzra uchuvchisiz uchoqlar paydo bo‘la boshladi. Der Spiegel nashrining yozishicha, dekabr oyi boshida Rheinmetall mudofaa konserni korxonalari ustida ham dronlar kuzatilgan. Ular asosan tunda uchishi aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: