Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekiston 08:45 / 08.01.2025 1212

Ushbu qonun loyihasi bilan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarni sug‘urta qoidalariga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda tabiiy ofatlar, yong‘in, o‘simliklarning kasalliklar va zararkunandalardan talafot ko‘rishi, chorva mollarining yuqumli kasalliklardan nobud bo‘lishi va zaharlanishi hamda yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlarga zarar yetkazilishi bo‘yicha sug‘urta shartnomalarini tuzish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini belgilash, qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarini sug‘urtalash jarayonida ishtirok etuvchi sub’yektlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini amalga oshirishda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasini tashkil etish, jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari, sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan tavakkalchiliklar, sug‘urta mukofotlari bo‘yicha subsidiyalar berish, qayta sug‘urtani amalga oshirish, sug‘urta tovonlarini to‘lash, sug‘urta tizimini to‘liq raqamlashtirish hamda sohani davlat tomonidan muvofiqlashtirish bilan bog‘liq munosabatlarning huquqiy asoslari ham ushbu qonun loyihasida aks etmoqda.

Majlisda qayd etilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan mamlakatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda sug‘urtalash tizimi joriy etilib, mahsulot yetishtiruvchilarga qulay shart-sharoitlarni yaratishga imkon beradigan sug‘urta majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinadi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi ekinlariga xavf-xatarlar tufayli zarar yetgan hollarda zararning o‘rnini qoplash hamda qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklari sug‘urtasini amalga oshirishning huquqiy asosi yaratiladi.

Ko‘proq yangiliklar: