Islom moliyasi – “yostiq ostidagi” pullarni iqtisodiyotga chiqaradi

Iqtisodiyot 19:20 / 08.01.2025 8071

Hozirda jismoniy shaxslar, tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qiluvchilarning biznes faoliyatini moliyalashtirish yoki aylanma kapital bilan ta’minlashda mavjud moliyaviy tizim barcha ehtiyojlarni qondirish uchun yetarlicha imkoniyatlarga ega emas. Bu asosan moliyaviy resurslar va imkoniyatlarning cheklangani bilan bog‘liq.

Iqtisodiy inklyuzivlik va samarali moliyaviy tizimni rivojlantirish orqali ushbu to‘siqlarni yengib o‘tish – muhim.

Aholining ayrim qatlamlari banklar va mikromoliya tashkilotlaridan moliyaviy yordam olish imkoniyatiga ega emas. Bunday holatlar quyidagi asosiy sabablarga bog‘liq:

  • banklar tomonidan belgilangan talablarga mos kelmaslik;
  • mikromoliya tashkilotlarida resurslarning cheklanganligi;
  • diniy e’tiqod tufayli moliyaviy xizmatlardan foydalanmaslik.

Islom moliyasi iqtisodiy barqaror rivojlanishni ta’minlash, aholining turli qatlamlarining moliyaviy ehtiyojlarini qondirish va mavjud moliyaviy tizim yukini kamaytirishda muhim rol o‘ynaydi.

U aktivlar va xizmatlarga asoslangan bo‘lib, ichki va tashqi bozordagi moliyaviy resurslarni davlat va jamiyat manfaati yo‘lida samarali yo‘naltirish imkonini beradi. Islom moliyasining aktivlarga asoslanganligi uning foydalanuvchilari uchun ortiqcha moliyaviy talablarni olib tashlaydi.

Islamic Finance Development Report (ICD-REFINITIV) ma’lumotlariga ko‘ra:

  • 2022 yilda Islom moliyasi aktivlari 11 foizga o‘sib, $4,5 trillionga yetgan.
  • 2027 yilga borib bu ko‘rsatkich $7 trillionga yetishi kutilmoqda.

Islom moliyasi aktivlarining bunday tez o‘sishi uning global moliyaviy tizimdagi ahamiyatini oshiradi. U nafaqat moliyaviy inklyuzivlikni ta’minlaydi, balki davlat va jamiyat uchun adolatli va barqaror iqtisodiy muhit yaratishda ham muhim omil hisoblanadi.

Islom moliyasini tartibga solish va rivojlanish istiqbollari

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda Islom moliyasini rivojlantirish uchun jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Xususan:

  • Halqaro hamkorlik: Halqaro Islom moliyasi institutlari bilan hamkorlikda huquqiy asoslarni yaratish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
  • Mikromoliya tashkilotlari uchun qoidalar: 2024 yil 27 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 3536-sonli qarori bilan "Mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida"gi nizom tasdiqlandi. Ushbu nizomga ko‘ra, mikromoliya tashkilotlari salam, muzoraba, mushoraka, murobaxa, istisna va ijara kabi mahsulotlar orqali mijozlarni moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Islomiy mikromoliyalashtirish uchun nizom mavjud bo‘lishiga qaramay, quyidagi muammolarni tezkor hal etish maqsadga muvofiq bo‘ladi:

  • Soliqqa tortish masalalari

Islom moliyasi amaliyotlari an’anaviy moliyaviy tizimdan farq qiladi. To‘g‘ri va adolatli soliqqa tortish mexanizmlarining yetishmasligi moliyalashtirish jarayonini qiyinlashtiradi.

  • Resurslarni jalb qilish muammolari

Investorlar va moliyaviy resurslarni jalb qilish uchun yetarli huquqiy mexanizmlar mavjud emas. Bu mavjud imkoniyatlarning to‘liq ishlatilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

  • Markazlashgan kengash tashkil etish

Islom moliyasi amaliyotlarini muvofiqlashtirish va strategik yo‘nalishlarni belgilash uchun maxsus kengash tuzish muhim ahamiyatga ega.

Muammolarni hal etishda ijrochi vazirlik va idoralarning boshqa vazirlik va idoralar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, shuningdek, tegishli vazifalarni amalga oshirishda mas’uliyat va faollikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

Islom moliyasiga talab

So‘nggi yillarda Islom moliyasiga bo‘lgan talab haqida ko‘p eshitmoqdamiz. Biroq, tadqiqot natijalari va o‘rganishlarga yana bir bor nazar tashlash foydadan holi bo‘lmaydi.

Ba’zi tadqiqot natijalari

BMT 2019 yilda O‘zbekistonda Islom moliyasiga bo‘lgan ehtiyoj, uning huquqiy asoslari va rivojlanish istiqbollarini o‘rgandi. Ushbu tadqiqot mamlakatda Islom moliyasi uchun katta bozor salohiyati mavjudligini ko‘rsatdi. 2020 yilda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari shunga dalildir:

  • tadbirkorlarning 38 foizi va jismoniy shaxslarning 56 foizi an’anaviy bank kreditlaridan foydalanishni rad etishgan;
  • agar Islom moliya muassasalari tashkil etilsa, tadbirkorlarning 61 foizi va aholining 75 foizi ularning xizmatlaridan foydalanishga tayyor ekanini bildirgan.

Qo‘shimcha ma’lumot: 2023 yil oxiri va 2024 yil boshida Qozog‘istonda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Islom moliyasi mahsulotlariga talab juda yuqori bo‘lgan. Aniqlangan raqamlar:

  • islomiy depozitlar: $5,98 milliard,
  • "hozir sotib olib, keyin to‘lash" (BNPL) xizmatlari: $485 million,
  • kafolatsiz islomiy qarzlar: $2,18 milliard,
  • islomiy avtotransport moliyalashtirish: $2,26 milliard,
  • islomiy ipoteka: $6,21 milliard.

Jami talab $15,35 milliardni tashkil etgan. Qozog‘istonning ushbu raqamlari mamlakatdagi Islom moliyasi mahsulotlari va xizmatlari uchun ulkan bozor salohiyati mavjudligini yaqqol namoyon etadi.

O‘zbekistondagi ehtimoliy talab

O‘zbekiston aholisi Qozog‘iston aholisidan qariyb ikki baravar ko‘p. Demak, Islom moliyasiga bo‘lgan ehtimoliy talab O‘zbekistonda ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Hozirgi taxminlarga ko‘ra, O‘zbekistonda Islom moliyasi mahsulotlari va xizmatlariga minimal $10–15 mlrd dollarlik talab mavjud.

Bu ko‘rsatkich, agar barqaror huquqiy asoslar, moliyaviy savodxonlik, infratuzilmani rivojlantirish, texnologiyalardan samarali foydalanish va samarali marketing strategiyalari yaratilsa, bir necha barobarga oshib, mamlakatdagi ichki bozorning rivojlanishiga va xalqaro sarmoyalarni jalb qilishga xizmat qilishi mumkin.

Islom moliyasi orqali aylanma kapitalni ta’minlash

O‘zbekiston aholisining taxminan 50 foizi qishloq joylarda istiqomat qiladi va asosan dehqonchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, tadbirkorlik, o‘zini-o‘zi band qilish va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Bu sohalarda aylanma kapital katta ahamiyatga ega bo‘lib, uning yetishmovchiligi ishlab chiqarish jarayonini sekinlashtirishi mumkin. Shu o‘rinda, Islom moliyasi aylanma kapitalni ta’minlashda samarali yechim sifatida namoyon bo‘ladi.

Masalan, salam shartnomasi dehqonlarga hosilni oldindan moliyalashtirish imkonini taqdim etadi. Bu esa moliyaviy qiyinchiliklarni yengishga va hosil yetishtirish jarayoniga to‘liq e’tibor qaratishga yordam beradi. Shu bilan birga, investorlar mahsulotlarni bozorlarga olib chiqishda ko‘maklashadi, ichki va tashqi bozorlarda sotuv jarayonlarini tashkil etadilar. Bu jarayon ham dehqonlar, ham investorlar uchun manfaatli bo‘lib, adolatli va barqaror iqtisodiy tizimni yaratishga yordam beradi.

Ushbu yondashuv nafaqat kambag‘allikni kamaytirish va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, balki oziq-ovqat xavfsizligi va ijtimoiy adolatni mustahkamlashda ham muhim o‘rin tutadi.

Islom moliyasini soliqqa tortish mexanizmi

Ko‘plab davlatlarda Islom moliyasini soliqqa tortishda soliq neytralligi tamoyili qo‘llaniladi. Bu tamoyilga ko‘ra, Islom bank operatsiyalari an’anaviy bank operatsiyalari bilan teng soliq yuklamasiga ega bo‘ladi. Soliqqa tortishda operatsiyaning iqtisodiy mohiyati asos qilib olinadi, ya’ni yuridik shakldan ko‘ra, uning haqiqiy iqtisodiy natijalari muhim sanaladi.

Islom moliyasida shariat talablariga muvofiq bo‘lish uchun qo‘shimcha hujjatlar va jarayonlar talab etiladi. Bu qo‘shimcha jarayonlarni soliq yuklamasidan istisno qilish adolatli va barqaror soliq tizimini ta’minlash uchun muhimdir.

Misol uchun, 2020 yilda Filippinda Islom moliyasi uchun huquqiy asoslar va soliq neytralligi tamoyili joriy qilindi. Filippinda 119 million aholi yashaydi, ularning 6,4 foizi musulmonlardir. Bu tajriba shuni ko‘rsatadiki, Islom moliyasini rivojlantirish – musulmon aholining soniga emas, balki global iqtisodiy imkoniyatlardan samarali foydalanish va adolatli hamda inklyuziv moliyaviy tizim yaratishga bo‘lgan intilishdir.

Islomiy (mikro)moliyalashtirishda resurs masalasi

Islomiy mikromoliyalashtirish institutlari mavjud resurslarni samarali safarbar qilish orqali o‘z vazifalarini bajarishi mumkin. Quyidagi chora-tadbirlar ichki bozor resurslaridan foydalanishga yordam beradi:

  • islomiy bank darchalarini tashkil etish orqali depozitlarni jalb qilish va likvidlikni ta’minlash;
  • an’anaviy banklar va islomiy mikromoliya tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik: Islom moliyasi qoidalariga muvofiq, muzoraba va mushoraka mexanizmlari asosida resurslarni jalb qilish hamda moliyaviy muammolarni hal qilish;
  • sukuk qimmatli qog‘ozlarini joriy qilish: huquqiy asoslarni shakllantirib, xalqaro va mahalliy sarmoyalarni jalb qilish;
  • ijtimoiy Islom moliyasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi orqali Vaqf mulkchiligi huquqiy asoslarini yaratish: "Naqd pul vaqfi" modelini joriy etish va vaqf manbalaridan samarali foydalanish;
  • islomiy P2P platformalarini yaratish: kraudfanding va onlayn platformalar orqali sarmoyalarni jalb qilish va mikromoliyalashtirishni taqdim etish tizimini rivojlantirish;
  • takaful tizimini rivojlantirish: Islom huquqiga muvofiq sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish va takaful operatorlarini qo‘llab-quvvatlash.

Xulosa o‘rnida

Islom moliyasining samaradorligini oshirish, uni adolatli va shaffof ishlashini ta’minlash, shuningdek, mavjud qiyinchiliklarni tezkor hal etish maqsadida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonidagi vazirlik va idoralar o‘rtasidagi samarali hamkorlik usullarini Islom moliyasini joriy etishda ham qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Islom moliyasi bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi moliyaviy institutlar va tashkilotlarning ro‘yxati, ular ko‘rsatayotgan xizmatlar va shariat qoidalariga mosligini tasdiqlovchi hujjatlar tegishli mas’ul vazirlik yoki idoralarning maxsus veb-saytlarida joylashtirilishi zarur. Bu choralar Islom moliyasini joriy etish va rivojlantirish jarayonida shaffoflik va ishonchni oshirishga xizmat qiladi.

Iskandar Tursunov,
Islom iqtisodiyoti va moliyasi mutaxassisi

Ko‘proq yangiliklar: