Germaniya g‘arbidagi otishmada ikki kishi halok bo‘ldi

Jahon 15:24 / 08.01.2025 1072

7 yanvar, seshanba kuni Germaniya janubi-g‘arbidagi Bad Fridrixshall (Baden-Vyurtemberg) shahridagi mashinasozlik kompaniyasi binosida noma’lum niqobli shaxs o‘t ochishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, bir kishi og‘ir yaralandi. Bu haqda Xaylbronn shahri politsiyasi xabar berdi. U jinoyatchini qidirish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiya olib borilayotganiga ishora qilib, aholi uchun hech qanday xavf yo‘qligini ta’kidladi.

Yarim tunda otishma sodir etgani aytilayotgan shaxs jinoyat joyidan 30 kilometr uzoqlikdagi Zekax qishlog‘ida qo‘lga olindi.

Politsiya hisobotida soat 17:45 da sodir bo‘lgan hujum haqida hech qanday qo‘shimcha ma’lumot berilmagan. Huquqni muhofaza qilish organlari jinoyatchi yolg‘iz harakat qilgan deb hisoblamoqda, dedi politsiya vakili dpa axborot agentligi so‘roviga javoban.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar va yaralanganlar kompaniya xodimlaridir.

Bad Fridrixshall burgomistri Timo Freyning dpa nashriga aytishicha, otishma sodir bo‘lgan kompaniya oilaviy mulk hisoblanadi va mintaqadagi yirik ish beruvchidir.

Ko‘proq yangiliklar: