Kichik Donald Tramp Daniyaga qarashli Grenlandiyaning Nuuk shahriga yetib keldi – bu AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp hududni nazorat qilish istagini yana bir bor ta’kidlaganidan ikki hafta o‘tib ro‘y berdi. 7 yanvar, seshanba kuni yon tomonida «Tramp» yozuvi bo‘lgan Boeing 757 samolyoti aeroportga qo‘ndi.
Tramp safar haqida 6 yanvar kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi. «Mening o‘g‘lim kichik Don va AQShning turli vakillari u yerga eng ajoyib va diqqatga sazovor joylarni ko‘rish uchun boradilar», deb yozdi u.
Daniya Tashqi ishlar vazirligi: Bu rasmiy tashrif emas
Daniya Tashqi ishlar vazirligi, o‘z navbatida, bu ma’lumotni e’tiborga olganini ma’lum qildi. «Bu Amerikaning rasmiy tashrifi bo‘lmagani uchun Daniya Tashqi ishlar vazirligi boshqa izoh bera olmaydi», — deya ta’kidlagan idora.
Trampning partiyadoshlari Grenlandiya bo‘yicha g‘oyaga shubha bilan qarayapti
Respublikachilar partiyasidan senatorlar va Vakillar palatasi a’zolari AQSh saylangan prezidenti Donald Trampning Daniyaga tegishli Grenlandiya va Panama Respublikasi yurisdiksiyasi ostidagi Panama kanalini o‘z nazoratiga olish istagi haqidagi bayonotlariga shubha bilan munosabatda bo‘lishdi. Bu haqda 5 yanvar kuni Amerikaning The Hill nashri xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Tramp 2021 yilda Oq uyni tark etganidan beri bu g‘oyalar Vashingtonda jiddiy muhokama qilinmagan.
Vakillar palatasi tashqi ishlar qo‘mitasining sobiq raisi Maykl Makkol (Texas shtatidan respublikachi) qonun chiqaruvchilar Tramp o‘z prezidentligining boshidayoq Kapitoliy tepaligida xavotir uyg‘otayotgan yirik tashqi siyosiy tashabbuslarni e’lon qilishiga tayyor bo‘lishlari kerakligini aytdi.
Bir qator respublikachi qonun chiqaruvchilar Trampning so‘zlarini kelajakda diplomatiyani mustahkamlashi mumkin bo‘lgan «muzokara» pozitsiyasi sifatida ko‘rishlarini aytishdi.