Rossiyada 2024 yil davomida 80 mingdan ortiq chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs migratsiya qoidalarini buzgani uchun mamlakatdan chiqarib yuborildi. Bu haqda Federal sud ijrochilari xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Moskva va Moskva viloyatidan 2024 yilda 23 ming migrant chiqarib yuborilgan. Sudlar ularni RF hududiga kirish yoki mamlakat hududida bo‘lish qoidalarini buzganlikda aybdor deb topgan.
Taqqoslash uchun «TASS» agentligi o‘tgan yillar davomida migrantlarning chiqarib yuborilishiga oid ma’lumotlarni keltirgan, ammo ular qayerdan olinganiga aniqlik kiritmagan. Shunday qilib, 2023 yilda Rossiyada 44,2 ming chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs chiqarib yuborilgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 26,6 ming migrantni tashkil etgan.
RF bosh sud ijrochisi Dmitriy Aristovning so‘zlariga ko‘ra, 2017-2022 yillar davomida Rossiyadan jami 200 mingga yaqin migrant mamlakatdagi migratsiya qonunchiligi va mehnat faoliyati to‘g‘risidagi qonunlarni buzgani uchun chiqarib yuborilgan.
2025 yil 1 yanvardan boshlab Rossiyaga kiruvchi xorijiy fuqarolarning vaqtincha bo‘lish muddatiga oid qonunchilikdagi o‘zgarishlar kuchga kirdi. Jumladan, xorijliklarning Rossiyada vizasiz bo‘lish muddati 90 kungacha qisqartirildi. Ilgari bu muddat 180 kunni tashkil qilar edi. O‘zgartirishlar Rossiyaga vizasiz kiradigan chet el fuqarolariga tegishli. Rossiyaga viza bilan kelgan xorijliklarning vaqtincha bo‘lish muddati o‘zgarishsiz qolmoqda.
Avvalroq Rossiyada deportatsiya rejimiga tushgan migrantlar ustidan nazorat talablari doirasida politsiyaga ular yashaydigan uylar va boshqa binolarga to‘sqinliksiz kirish huquqi berilishi ma’lum bo‘lgandi.