Madaniy markaz hududida O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev "Do‘stlik ramzi" daraxtini o‘tqazdi.
Marosimda Karachi shahrining yirik tadbirkorlari, eksport-import korxona rahbarlari, biznes doira va turistik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Diners Group kompaniyasi rahbari Sohail Moten mazkur savdo uyi va madaniy markaz ikki mamlakat o‘rtasidagi mintaqaviy bog‘liqlikni qayta tiklash, o‘zaro savdo hajmlarini yanada oshirish, investorlar uchun zarur ma’lumotlarni taqdim qilishini ta’kidladi.
"Karachi va Toshkent shaharlarida ochilayotgan savdo uylari ikki mamlakat sanoat mahsulotlari to‘g‘risida xabardorlikni oshirib, doimiy faoliyat yurituvchi ko‘rgazma paviloni shaklidagi savdo platformasi sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Pokiston va O‘zbekistonning eksport va importi nomenklaturasida o‘zaro ulushni sezilarli oshirishga xizmat qiladi degan umiddamiz", - dedi Sohail Moten.
O‘zbekiston elchisi o‘z nutqida ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish, savdo-iqtisodiy aloqalardagi joriy sur’atni saqlab qolish va uni yanada yaxshilash, madaniy rishtalarni jonlantirish borasida mamlakatimiz rahbariyati va hukumati tomonidan ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
"Savdo uyi xalqlarimiz va milliy iqtisodiyotlarimizni yanada yaqinlashtiradi. Savdo munosabatlarimiz nomenklaturasini yangi birliklar bilan boyitish, tovar aylanmasini 1 milliard AQSh dollariga yetkazish borasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni samarali ijro etishimizga zamin yaratadi", - dedi Alisher To‘xtayev.
Savdo uyida O‘zbekiston sanoat mahsulotlari – to‘qimachilik sohasi namunalari, ip-kalava, jun va teri, plastik granulalar, quruq mevalar joylashtirilgan. Hozirda mahsulotlar soni va turini ko‘paytirish borasida ishlar olib borilmoqda.
Binoga o‘rnatilgan katta ekranda O‘zbekistonning turizm salohiyatiga, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent shaharlarining sayyohlik maskanlari, mamlakatimizning sanoat va investitsion imkoniyatlariga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi.