Markaziy bank tomonidan “banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga (bitta JShShIRga) kartalar sonini bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha emissiya qilish mumkinligi” bo‘yicha vaqtinchalik tartib ishlab chiqilgan. Bu haqda bank sohasiga oid “Mijozlar uchun!” blogi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yangi tartib “xizmat doirasida foydalanish uchun” grifi ostida tijorat banklariga ijro uchun jo‘natilgan.
Kartalar soniga cheklov virtual va kobeydjing kartalariga taalluqli bo‘lib, chet el valutasida ochilgan bank kartalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tartibning amal qilish muddati 2025 yilning 1 yanvaridan 31 dekabriga qadar etib belgilangan.
Shuningdek, banklarga jismoniy shaxsning bank kartalarida (jumladan virtual kartasida) 12 oy davomida hech qanday amaliyot bajarilmagan bo‘lsa, ushbu kartalar bloklanishi va karta egasiga xabar berilishi vazifasi ham yuklatilgan.
Avvalroq, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev ayrim mijozlar nomiga yuzlab plastik kartalar ochilgani, bunday kartalardan firibgarlar pul mablag‘larini o‘zlashtirish sxemalarida foydalanayotgani haqida aytgandi.