«Rosatom» Turkiyaga AES uchun uskunalarni yetkazib bermayotgan Siemensʼni sudga beradi

Jahon 17:10 / 05.01.2025 3473

«Rosatom» korporatsiyasi Germaniyaning Siemens kompaniyasini sudga berishni rejalashtirmoqda. Bunga kompaniya Turkiyada qurilayotgan «Akkuyu» AESga uskunalarni yetkazib bermayotgani sabab bo‘lmoqda. Bu haqda kompaniya rahbari Aleksey Lixachev «Rossiya 24»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Sud jarayoni bo‘lishi shubhasiz. Oldindan puli to‘langan uskunalar yetkazib berilmadi. Bu biz uchun uskunalar xaridida ham, ularni ishga tushirishda ham qo‘shimcha xarajatlarga olib keldi. Ushbu e’tirozlar taqdim etiladi», — deydi Lixachev.

RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak oktyabr oyida Siemens qarori «kritik bo‘lmasa-da, loyiha uchun ahamiyatli» ekani haqida gapirgandi

«Barcha sa’y-harakatlarimiz, shuningdek, turk tomonini jalb etganimizga qaramay, muzokaralar konstruktiv natijalarni bermadi: uskunalar baribir maydonchaga yetkazilmadi», — deydi u.

«Rosatom» Turkiyaning Mersin viloyatida «Akkuyu» AESni qurmoqda. Stansiya har birining quvvati 1200 megavattni tashkil etadigan to‘rtta energoblokdan iborat bo‘ladi. Bu Turkiyadagi birinchi atom elektr stansiyasiga aylanishi kerak. Rossiya va Turkiya AES qurish bo‘yicha 2010 yilda bitim imzolagan edi. RF prezidenti Vladimir Putin stansiya 2023 yil oktyabrda ishga tushirilishini e’lon qilgandi, ammo loyiha bu muddatda yakunlanmadi. Novak stansiyaning to‘rtala energobloki ham 2028 yilda ish boshlashini ma’lum qilgan, biroq ularning birinchi qachon ishga tushirilishiga oydinlik kiritmagan.

2023 yil fevralda Germaniya hukumati Siemens Energy kompaniyasiga atom elektr stansiyasi uchun elektrotexnik uskunalarni yetkazib berishga ruxsat bermagani ma’lum bo‘lgandi. Mamlakat hukumati uskunalar ma’lum bir obekt uchun tayyorlangan bo‘lsa-da, ular Rossiyaga olib ketilishi mumkinligidan xavotirda.

Ko‘proq yangiliklar: