To‘qayev davlat gazetasiga intervyu berib, Nazarboyevni ochiq tanqid qildi

Jahon 21:50 / 04.01.2025 25847

Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev – hali tiriklik vaqtidayoq sharafiga haykal qo‘yilib, tiriklik vaqtidayoq haykali yiqitilgan unikal siyosatchi. Lekin bu hali hammasi emas ekan. Qozoqlar uch yil avvalgi namoyishlarda “chol ket”, deb baqirib, mamlakat siyosiy hayotidan chiqishini talab qilgan elboshining boshida yana boshqa sinovlar ham bor ekan.

Masalan, tunov kuni Qozog‘istonning «Ona tili» gazetasiga intervyu bergan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev sobiq prezident Nazarboyevni ochiqchasiga tanqid qildi. Aftidan, To‘qayev prezident bo‘lgach, o‘ziga bo‘lgan ishonchi ancha oshgan. Axir 6 yil avval xuddi shu To‘qayev Nazarboyevga paxta qo‘yib, poytaxt Ostona nomini Nursulton deb o‘zgartirgandi. Endi esa qozoqlarning «Xalq so‘zi»ga o‘xshagan gazetasiga intervyu berib, Nazarboyevni siyosiy andishasizlikda aybladi. Videoda o‘sha intervyuning ba’zi joylariga to‘xtalamiz.

«Siyosiy andishasi bilan ajralib turmagan»

Qozog‘istonda prezident almashgan vaqtni eslasangiz kerak. 2019 yilda Nazarboyev kutilmaganda prezidentlikdan ketishini e’lon qiladi. Bir mamlakatni 28 yildan buyon boshqarayotgan odamning ketishini kutilmaganda deyish aslida juda g‘alati. Mayli, bu haqida alohida gaplasharmiz. Xullas, o‘shanda senat raisi bo‘lgan To‘qayev avtomatik tarzda prezident vazifasini bajaruvchi lavozimiga kirishadi. Keyinroq o‘tkazilgan saylovda tabiiyki g‘alaba qozonadi, chunki unda prezident sifatida kampaniya o‘tkazish uchun yaxshigina media ustunlik bor edi. Axir prezidentlik poygasi futbol kabi teng sharoitdagi o‘yin emas, unda autsayderlar burchak zarbasidan kutilmaganda gol urib, favoritlarni yutib ketolmaydi.

Xullas, To‘qayev endi prezidentlikka kirishgan o‘sha damlarda Nursulton Nazarboyev Xavfsizlik kengashi raisi bo‘lib qolgandi. Bu esa Nazarboyev hamon amalda Qozog‘istonni boshqaryapti degan xulosaga kelishga undardi. Mamlakatda bo‘layotgan ishlar ham shunga ishora qilardi. Mana endi, 5 yil o‘tib ma’lum bo‘lyaptiki, Nazarboyevning o‘shandagi qiliqlari To‘qayevning nafsoniyatiga tekkan ekan. To‘qayev bu borada gapirganda sobiq prezidentni ochiq tanqid qildi.

«Tarixni toza qog‘ozga qaytadan yozish yaramaydi. Tarixga ham, uni yaratganlarga ham haqqoniy munosabatda bo‘lish kerak. Bu millat kelajagi uchun muhim. Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqqanidan keyin Xavfsizlik kengashi raisi sifatida qolib ochig‘ini aytganda, siyosiy andishasi bilan ajralib turmadi. Bosh vazir, Milliy bank raisi, vazirlar, hokimlar ishtirokida muntazam yig‘ilishlar o‘tkazdi. Hatto xorijlik diplomatlar buni hayrat bilan kuzatishdi. Odamlar orasida iste’fodan keyin Nazarboyevning lavozimi oshib, prezidentni ham o‘ziga bo‘ysundirdi, degan hazil paydo bo‘ldi. O‘shandagi vaziyat esa hazillashadigan darajada emasdi», deb eslaydi To‘qayev.

Qozog‘iston prezidentiga ko‘ra, Nazarboyevning bu qiliqlari sabab mamlakatda qo‘shhokimlik yuzaga kelgani haqida gaplar ko‘paygan, hatto yuqori doiralarda ham shunday o‘ylay boshlashgan.

«Mansabdorlar sinfi goh u, goh bu kabinetga kirib, topshiriqlarni chalkashtirib, sarosimaga tushib qoldi. Qator amaldorlar, hatto elboshi prezident hokimiyatidan yuqori turish kerak deb bu holatni oqlashga urindi», deydi To‘qayev. Uning so‘zlariga ko‘ra Nazarboyev 2021 yil Oq o‘rdaga qaytishga ishora qilgani va Peterburgdagi MDH sammitida Qozog‘iston nomidan qatnashgani hokimiyat inqiroziga olib kelgan muhim burilish bo‘lgan.

To‘qayevga Nazarboyev hamon Putin bilan uchrashib yurgani ham yoqmaydigan ko‘rinadi, chunki bu ishni ochiq qoralamagan bo‘lsa ham, qo‘shni davlat prezidenti ushbu mavzuni xushlamay gapirgan, shuningdek, Putin bilan uchrashuvlar tashabbuskori Nazarboyev ekanini alohida ta’kidlagan.

«Nazarboyev o‘tgan yilda Vladimir Putin bilan ikki marta uchrashdi. Kuz boshlaridagi birinchi uchrashuvi haqida OAVda xabar berilmadi ham. Ular aftidan eski do‘st va hamkasb sifatida uchrashadi, birga eslaydigan narsalari bor. Bunday uchrashuvlar tashabbuskori Nursulton Abishevich bo‘lib, bu u uchun juda muhim. Qozog‘iston SSR ministrlar soveti sobiq raisi, partiya rahbari, keyinchalik mustaqil Qozog‘iston prezidenti sifatida u ma’naviy va siyosiy jihatdan Kreml bilan chambarchas bog‘liq ekanini unutmaslik kerak. Axir Moskvaga xizmat safarlarida, s’yezdlar va plenumlarda, ishchi va rasmiy tashriflarda ko‘p vaqt o‘tkazgan», dedi To‘qayev.

Ma’lumot uchun, Qosim-Jo‘mart To‘qayev mustaqil Qozog‘istonning ikkinchi prezidenti hisoblanadi. U 2019 yil muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lgan. 2022 yil esa yangilangan konstitutsiyaga ko‘ra qayta saylandi. Qo‘shni davlat bosh qonuni yangi tahririga ko‘ra, prezidentning vakolat muddati 5 yildan 7 yilgacha oshirildi, qayta saylanish esa taqiqlandi.

Ko‘proq yangiliklar: