O‘zbekiston va Pokiston tovar aylanmasi hajmini oshirishni muhokama qilmoqda

O‘zbekiston 09:51 / 04.01.2025 821

Muloqotda Agentlik rahbarining o‘rinbosarlari, xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun mas’ul boshqarmalarning boshliqlari ham ishtirok etdi.

Tomonlar o‘zaro savdoni kengaytirish, eksport-import nomenklaturasini diversifikatsiya qilish masalalarini atroflicha muhokama qildi.

Tadbir avvalida O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Shundan so‘ng, o‘zaro savdo hajmlarini oshirishning yangi yo‘nalishlari, jumladan, ikki mamlakatda tashkil etiladigan savdo va sanoat ko‘rgazmalarida tomonlarning doimiy ishtirokini ta’minlash, savdo uylarini tashkil etish orqali mamlakatlarning mahsulotlari bo‘yicha xabardorlik darajasini keskin oshirish, O‘zbekiston va Pokistonning barcha turdagi mahsulotlari to‘g‘risida ma’lumot olish imkonini beruvchi onlayn platformani yaratish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Zubayr Motivala 2024 yil iyun oyida Toshkentda tashkillashtirilgan Made in Pakistan sanoat ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani qayd etib, ushbu tadbirni o‘tkazishda ko‘rsatilgan yordam uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi. Tadbir ushbu yo‘nalishda mavjud salohiyatni ishga solish uchun yangi mexanizmni yaratgani, kelgusida bu turdagi ko‘rgazmalarni ko‘paytirish mahsulotlar soni va turini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

2025-2026 yillarda ikki mamlakatda tashkillashtiriladigan xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarning muddatlari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumot bilan almashish va unda O‘zbekiston va Pokiston biznes uyushmalari delegatsiyalari, ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlarining faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga kelishilib, mazkur masala bo‘yicha mas’ul xodimlar tayinlandi.

TDAP rahbari Lahor shahrida 26-28 fevralda o‘tkaziladigan FoodAg Manufactoring Exhibition qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamda 17-19 aprelda bo‘lib o‘tadigan 4th Engineering and Healthcare Show ko‘rgazmalarida O‘zbekiston vakillarini qatnashishga taklif etdi.

Muzokaralar chog‘ida Karachi shahrining O‘zbekiston hududlari bilan savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligini yanada rivojlantirish, biznes jamiyatlari o‘rtasida aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish choralari ham muhokama qilindi. TDAP vakillari Toshkent–Karachi yo‘nalishida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro bank to‘lovlari masalalari yuzasidan o‘z takliflari bilan o‘rtoqlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: