Nukusda mast askar 6 kishini pichoqladi. 1 kishi vafot etgan

O‘zbekiston 11:47 / 04.01.2025 60700

Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil 3 yanvar kuni tonggi 4:00 larga yaqin Nukus shahrida Danalar ko‘chasida yashovchi fuqarolar qo‘shnilari pichoqlab ketilgani haqida IIBga xabar bergan. Voqea joyiga tezkor-tergov guruhi, prokuratura va IIV xodimlari yetib borgan.

Tezkor surishtiruv ishlari davomida 2005 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, FVV maxsus muhandislik qurilish boshqarmasi oddiy askari Garanin Maksim mast holatda xizmat o‘tayotgan joyidagi Nazorat o‘tish joyida xizmat o‘tayotgan oddiy askar F.N.ni urib, ko‘chaga chiqib ketgani aniqlangan.

Shundan so‘ng u Nukus shahri Danalar ko‘chasidagi xonadonlardan biriga kirib, oshxonadan pichoq va chopqini olgan. Ushbu xonadonda yashovchi, farzandi bilan uxlab yotgan ayolga tegajog‘lik qilmoqchi bo‘lgan. Ayol uyg‘onib ketib baqirgach, uning turmush o‘rtog‘i ham uyg‘ongan. Mast askar shu vaqtda qo‘lidagi pichoq bilan unga tashlanib, tan jarohati yetkazgan. 28 yoshli Z.Q. olgan tan jarohatlari tufayli kasalxonada vafot etgan.

Shundan so‘ng FVV askari ushbu xonadondagi 64 va 37 yoshli ota-o‘g‘ilga ham chopqi bilan hujum qilib, turli darajadagi jarohatlar yetkazgan.

Bundan tashqari, askar Nukus shahri Aybuyir ko‘chasida yashovchi 68 va 43 yoshli ota-o‘g‘ilga ham tan jarohati yetkazgan.

Voqea joyidan 1 dona tig‘ sohasi uzunligi 20 sm, eni 8 sm bo‘lgan chopqi dalil tariqasida olingan. Gumon qilinuvchi qo‘lga olingan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi va 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) 2-qismi «a, l» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jabrlanuvchilarning 1 nafari vafot etgan, 4 nafariga shifoxonada zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda” – deyiladi ma’lumotnomada.

Ko‘proq yangiliklar: