Oliy radaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitriy Lubinets BMTning Ukrainadagi urush haqidagi so‘nggi hisobotidan noroziligini bildirdi. Bu haqda ombudsmanning Telegram-kanalida 3 yanvar, juma kuni e’lon qilindi.
BMT: Ukrainada rossiyaliklar qiynoqqa solingan
31 dekabr, seshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi BMTning Ukrainadagi Inson huquqlari monitoringi missiyasi tomonidan tayyorlangan navbatdagi hisobotni e’lon qildi. Hujjat 2024 yil sentabrdan noyabrgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Muqaddimada ta’kidlanganidek, hisobotda «mojaro bilan bog‘liq inson huquqlarining buzilishi, jumladan, Rossiyaning aholi punktlariga hujumlari, energiya infratuzilmasiga maqsadli hujumlar va asosiy erkinliklarning cheklanishi tasvirlangan».
BMT ekspertlari uch oylik urush davomida 574 nafar tinch aholi halok bo‘lgani, 3032 nafari yaralanganini aniqladi. «Jabrlanganlarning mutlaq ko‘pchiligi – 93 foizi Ukraina hukumati nazorati ostidagi hududlarda, ayniqsa Donetsk, Xarkiv va Xerson oblastlarida qayd etilgan», deyiladi hisobotda. Unda 63 nafar ukrainalik harbiy asirning qatl etilishi haqida ham so‘z boradi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti press-relizining o‘nta bandidan faqat ikkitasida Ukraina hukumati tanqid qilingan. Ulardan birida «Ukraina rasmiylari tomonidan rossiyalik harbiy asirlarni, asosan, ularni hibsga olishning dastlabki bosqichlarida tranzit markazlarida qiynoqqa solish va shafqatsiz munosabatda bo‘lish holatlari» haqida yozilgan. «Boshqarma xuddi shunday sharoitda rossiyalik harbiy asirlarning o‘limi haqidagi ikki ishonchli xabarni tekshirmoqda», — deyiladi bayonotda. Boshqa joylarda esa «bosib olingan hududlarda ham, Ukraina hukumati nazorati ostidagi hududlarda ham diniy erkinliklarning cheklanishi» haqida aytiladi.
Lubinets: BMTning ayrim xulosalari noto‘g‘ri
Ukraina ombudsmanining ta’kidlashicha, «BMTning Ukraina bo‘yicha bir qator xulosalari noto‘g‘ri». «Men ombudsman idorasi tomonidan berilgan ayrim izoh va tavsiyalar inobatga olinmaganiga qat’iyan qo‘shilmayman», — deya qo‘shimcha qildi Lubinets.
Rossiyalik harbiy asirlarni qiynoqlarga solish holatlariga to‘xtalib, u Ukraina hukumati ularni tergov qilayotganini aytdi. «Ombudsman idorasi xodimlari jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda harbiy asirlarni saqlash lagerlariga va tergov hibsxonalaridagi maxsus hududlarga muntazam tashrif buyurishadi, rossiyalik harbiy asirlarga nisbatan sharoit va munosabat Jyeneva konvensiyasiga mos keladi», dedi Lubinets.