Gurjiston migratsiya departamenti 2024 yilning noyabr-dekabr oylarida Tbilisidagi norozilik namoyishlarida ishtirok etgan 25 nafar chet el fuqarosini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi. IIV bayonotiga ko‘ra, hozirda ularning 10 nafari mamlakatni tark etgan.
Qayd etilishicha, 2024 yil noyabr-dekabr oylari davomida hukumat jami 91 nafar xorijlikni deportatsiya qilgan. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, ularning aksariyati mamlakatni o‘z xohishi bilan tark etishga rozi bo‘lgan, ammo ayrim chet el fuqarolari Gurjiston hududidan majburan chiqarib yuborilgan.
Ta’kidlanishicha, norozilik aksiyalari doirasida Rossiya, Eron, Iroq, Jazoir, Hindiston, Misr, Pokiston, Turkiya va Ozarboyjon fuqarolari ushlangan va deportatsiya qilingan.
Migratsiya departamentiga ko‘ra, 2024 yil davomida Gurjiston jami 430 nafar xorijlikni deportatsiya qilgan, bu — 2023 yilga nisbatan 126 foizga ko‘p.
Gurjistonda norozilik namoyishlarining yangi to‘lqini hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi 2028 yilga qadar Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatib qo‘yishga qaror qilganidan keyin boshlandi. Namoyishlar davomida fuqarolar hamda kuch tuzilmalari vakillari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Parlamentga o‘tgan boshqa partiyalar, shuningdek, mamlakatning sobiq prezidenti Salome Zurabishvili saylovlar natijalarini tan olmadi.
Dekabr oxirida Gurjistonning yangi prezidenti Mixail Kavelashvili Tbilisi Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni o‘tkazishga tayyorligini, shuningdek, mamlakat AQSh bilan ham munosabatlarini chuqurlashtirish niyatida ekanini ta’kidladi.