Yomg‘irda ivigan g‘azoliklar, muzokarani cho‘zayotgan Netanyahu va jahonda tarqalayotgan norovirus - kun dayjesti

Jahon 13:45 / 03.01.2025 5762

Yangi yilning dastlabki kunlari davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroilning hujumlari sababli uylarini tark etishga majbur bo‘lgan G‘azo sektoridagi falastinliklar yangi yilni ko‘z yoshlari va o‘z farzandlarini yo‘qotganini yodga olib kutib olishdi.

Isroilning 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan hujumlaridan oldin 2,3 mln aholi istiqomat qilgan G‘azo sektoridagi qirg‘in 15 oydan ortiq davom etmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hujumlar natijasida falastinliklarning 10 nafaridan 9 nafari o‘z uylarini tark etib, boshqa joylarga ko‘chgan.

Isroilning hujumlari tufayli vayron bo‘lgan uylar o‘rniga o‘z qo‘llari bilan qurilgan chodirlarda yashashga majbur bo‘lgan falastinliklar uchun qish yanada og‘ir bo‘lmoqda. Sovuq havo, oziq-ovqat va suv tanqisligi bu qiyinchiliklarni yanada kuchaytirmoqda. Ayniqsa, yosh bolalarning tanasi sovuqqa dosh berolmayapti.

Yangi yil arafasida G‘azo sektorining sovuq va yomg‘irli osmonini feyyerverklar emas, Isroilning havo hujumlari yoritdi. Yomg‘ir tufayli chodirlarning suvga to‘lishi ahvolni yanada yomonlashtirdi.

G‘azo sektorida istiqomat qilib kelgan va majburan ko‘chirilgan falastinliklar, jumladan, ayrim ota-onalar bolalarining sovuq va suvga to‘lgan chodirlarda halok bo‘lganini g‘amginlik bilan yodga oldi. Ular yordamga muhtoj bo‘lib, omon qolishlari uchun global hamjamiyatdan yordam so‘rashda davom etmoqda.

2023 yil 7 oktyabrdan beri qamal qilingan G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 45 ming 553 kishiga yetdi. Yaradorlar soni esa 108 ming 379 kishini tashkil etmoqda.

Netanyahu muzokaralarni barbod qildi

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning pozitsiyasi o‘zgarishi sabab yana murakkablashdi. Bu haqda The New Arab nashri misrlik manbasiga tayanib, xabar berdi.

Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, Isroil tomoni kutilmaganda talablar ro‘yxatini yangilagan, jumladan, asirlar almashuvi shartlari va G‘azo sektoridagi armiyani chiqarish bilan bog‘liq o‘zgarishlar kiritilgan. Bu vositachilarni qiyin ahvolga solib, so‘nggi haftalarda kuzatilgan ilgarilashga qaramasdan muzokaralarni to‘xtatib qo‘ydi.

HAMAS vakili The New Arab nashriga bildirishicha, Isroil pozitsiyasining o‘zgarishi avvalgi kelishuvlarni yo‘qqa chiqaradi. Netanyahuning yangi talablari AQSh prezidenti Donald Trampning lavozimga kirishishini kutish uchun vaqt yutishga qaratilgan harakatga o‘xshamoqda.

HAMAS rahbarlaridan yana biri o‘ldirildi

Isroil mudofaa kuchlari Xon Yunusda HAMASning ichki xavfsizlik apparati rahbari Husam Shohvonni yo‘q qilganini tasdiqladi. Isroil harbiylari bayonotiga ko‘ra, Shohvon Isroil bo‘linmalariga hujumlar paytida vaziyatni baholash uchun mas’ul bo‘lgan.

Hujum razvedka ma’lumotlari asosida amalga oshirilgan. Isroil havo kuchlari hududni kuzatib, aniq boshqariladigan o‘q-dorilardan foydalangan holda tinch aholiga xavfni minimallashtirishga uringanini ta’kidlagan.

Isroilning The Times of Israel nashrining xabar berishicha, Shohvon HAMAS politsiya kuchlari rahbari o‘rinbosari bo‘lgan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hujum chog‘ida politsiya boshlig‘i Mahmud Saloh va yana 9 kishi, shu jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgan.

Ushbu voqea Isroil-HAMAS o‘rtasidagi keskinlikni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.

Isroil sobiq mudofaa vaziri deputatlikdan ketdi

Isroil sobiq mudofaa vaziri Yoav Galant xaredim — ultraortodoksal yahudiylar uchun harbiy xizmatdan ozod etishni nazarda tutuvchi qonunga qarshi norozilik sifatida Knesset deputati lavozimidan iste’foga chiqishini e’lon qildi.

KAN davlat telekanaliga ko‘ra, Galant deputatlik vakolatlarini topshirgan bo‘lsa-da, u hanuz Bosh vazir Binyamin Netanyahu boshchiligidagi «Likud» partiyasi a’zosi bo‘lib qolmoqda.

Galant o‘z qarorini sharhlar ekan, xaredimni harbiy xizmatdan ozod qilishni ko‘zda tutuvchi qonun hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani va bu Isroil armiyasi hamda mamlakat xavfsizligi ehtiyojlariga zid ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, sobiq vazir Binyamin Netanyahu bilan bahsli sud islohoti va xaredimlarni armiyaga chaqirish masalasida qarama-qarshilikka ega bo‘lgani ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 5 noyabr kuni Netanyahu Galantni «o‘zaro ishonch yo‘qligi»ni sabab qilib mudofaa vaziri lavozimidan ozod qilgan edi.

Rossiyada migrantlar zarariga yangi qaror

Rossiyada politsiya xodimlariga noqonuniy migrantlar yashaydigan uylarga to‘siqsiz kirish huquqi beriladi.

5 martdan Rossiyada noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish rejimi kuchga kiradi. Bu doirada politsiya xodimlari noqonuniy migrantlar yashaydigan uylarga erkin kirish huquqiga ega bo‘ladi.

Yangi qonunda politsiyaga migrantlar yashaydigan uylarga to‘sqinliksiz kirish bilan birga davlat va xususiy tashkilotlardan zarur ma’lumotlarni, shu jumladan, bank va soliq ma’lumotlarini so‘rab olish; texnika vositalari orqali migrantlarni kuzatish, mobil telefonlar va geolokatsiyalardan foydalanish huquqi beriladi.

Shuningdek, deportatsiya rejimidagi shaxslar reyestrga kiritiladi. Ularning ko‘chmas mulk va transport sotib olishlari hamda erkin harakatlanishlari cheklanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 1 yanvardan Rossiyada vizasiz bo‘lish muddati 90 kungacha qisqartirilgan. Ilgari bu muddat 180 kunni tashkil qilar edi. Ushbu qonunlar Rossiyada migratsiya qoidalarini kuchaytirishga qaratilgan.

Chernogoriyadagi otishma

1 yanvar kuni Chernogoriyaning Tsetine shahrida mahalliy aholi vakili o‘qotar quroldan foydalangan holda 12 kishini o‘ldirdi. O‘qotar politsiya tomonidan qurshovga olinganidan so‘ng o‘z joniga qasd qildi.

Qurbonlar orasida ikki bola va hujum qilgan shaxsning oila a’zolari bor. Jarohat olgan to‘rt kishi shifoxonaga yotqizildi, ulardan uch nafarining ahvoli og‘ir.

BBC serb xizmati xabar berishicha, hujumchi Atso Martinovich avval kafeda spirtli ichimlik ichib, so‘ng uyidan qurol olib chiqqan. Uning quroliga rasmiy ruxsatnoma berilgan bo‘lgan.

Chernogoriya bosh vaziri Miloyko Spaich hodisa munosabati bilan uch kunlik motam e’lon qildi. U qurolga egalik qilish bo‘yicha qonunlarni qayta ko‘rib chiqish va zarurat bo‘lsa, butunlay taqiqlash imkoniyatini muhokama qilayotganini ma’lum qildi.

Chernogoriyada ommaviy qotillik hodisalari kam uchraydi. Ammo 1990-yillardan keyingi urushlardan so‘ng Bolqon mamlakatlari aholisi qo‘lida ko‘plab qurollar qolgan.

Baholashlarga ko‘ra, Bolqon aholisi politsiya va armiyaga nisbatan bir necha baravar ko‘proq qurolga egalik qiladi. 2018 yilgi tadqiqotlarga ko‘ra, odam jon boshiga qurollar soni bo‘yicha Serbiya va Chernogoriya yetakchi o‘rinlarni egallagan.

Jahonda norovirus tarqalmoqda

2024 yil oxirida AQSh va Yaponiya norovirus — yuqumli kasallikning jiddiy avj olishiga duch keldi. Bu kasallik ko‘ngil aynishi, ich ketishi va haroratning biroz oshishi bilan kechadi.

AQShda avgust oyidan beri 495 ta yuqish holati qayd etilgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 33 foizga ko‘p. Yaponiyada esa vaziyat yanada yomon: 27 noyabrdan 3 dekabrgacha bo‘lgan haftada 65 ming 600 dan ortiq inson kasallangan, bu 1989 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Yaponiyada virus qariyalar uylaridagi to‘rt keksaning hayotiga zomin bo‘ldi, ulardan uch nafari 90 yoshdan oshgan edi. Mamlakatning 47 ta prefekturasidan 45 tasi epidemiya xavfi haqida ogohlantirish e’lon qildi. Bosh vazir Shigeru Ishiba infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishni topshirdi.

Tibbiyot xodimlari bu virusga qarshi vaksina yo‘qligini ta’kidlamoqda. Xavf guruhida bolalar, keksalar va immuniteti zaif odamlar bor. Simptomlar oradan 12-48 soat o‘tib bo‘y ko‘rsatadi va odatda bir-ikki kun davom etadi.

Shifokorlarning asosiy tavsiyasi — ovqatlanishdan va hojatxonadan keyin qo‘lni yaxshilab yuvishdir. Bemorlarning ko‘pchiligi uy sharoitida davolangani sababli haqiqiy ko‘rsatkichlar rasmiy ma’lumotlardan yuqori bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: