Podolyak Rossiya bilan ehtimoliy muzokaralarni «illyuziya» deb atadi

Jahon 11:12 / 03.01.2025 2835

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyakning aytishicha, hozirda Moskva va Kiyev o‘rtasida muzokaralar olib borib bo‘lmaydi. U bu haqda 2 yanvar, payshanba kuni chop etilgan BBC uchun sharhida aytib o‘tdi.

«Muzokaralar haqida ko‘p gapirilyapti, ammo bu illyuziya, - dedi Podolyak. - Muzokaralar jarayoni bo‘lishi mumkin emas, chunki Rossiya bu urush uchun yetarlicha yuqori narx to‘lashga majbur qilinmadi».

Uning fikricha, AQSh boshchiligidagi G‘arb davlatlari Ukrainaga Rossiya tajovuziga qarshi xavfsizlik kafolatlarini berishi kerak, ular Moskvani harbiy jihatdan tiyib turishni anglatishi lozim. «Bunga qanday muqobil bo‘lishi mumkin? Bugungi kunda muqobil variant yo‘q, - dedi Podolyak. - Rossiya tajovuzni boshlashi bilanoq, unga javoban sezilarli darajada zarba berilishini tushunishi kerak».

23 dekabr kuni Ukraina prezidenti devoni rahbarining yana bir maslahatchisi Sergey Leshchenko telemarafonda Rossiya bilan muzokaralar muqarrar ekanini aytdi. «Biz muzokaralar muqarrar ekanligini tushunamiz va bu muzokaralarda Ukraina kuchli bo‘lishi kerak», - dedi u.

Zelenskiy: Kiyev 2025 yilda urushni tugatish uchun hamma narsani qiladi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev urushni 2025 yilda tugatish uchun hamma narsani qilishini aytdi. Ukraina rahbarining 1 yanvarga o‘tar kechasi yangi yil murojaati davlat rahbarining internetdagi rasmiy vakolatxonasi tomonidan tarqatildi.

«2025 yil bizning yilimiz, Ukraina yili bo‘lsin, biz bilamizki, bizga tinchlik berilmaydi, lekin biz Rossiyani to‘xtatish va urushni tugatish uchun hamma narsani qilamiz», — dedi Zelenskiy.

Ukraina rahbari Kiyevning «Yevropa Ukrainasi» sari intilishda davom etishiga umid bildirdi. U 2024 yil iyun oyida Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar boshlanganini eslatdi.

«Ukraina Yevropa Ittifoqida bo‘ladi va bir kun kelib Ukraina NATOda bo‘ladi va ittifoqni mustahkamlaydi», dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: