Yuridik shaxslar uchun limitdan tashqari elektr va gaz tarifi sentabrda pasaytirilgani ma’lum bo‘ldi
Hukumat tomonidan o‘tgan yili joriy etilgan va biznesning e’tirozlariga sabab bo‘lgan tartib davlat rahbarining topshirig‘i asosida 25 sentabrdan boshlab yumshatilgan. Shu sanadan e’tiboran, “yuqori” va “o‘rta” reytingga ega tadbirkorlarga elektr energiyasi uchun oldindan to‘lovni oy davomida ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat berilgan.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari
Yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning shartnomaviy miqdordan ortiq qismiga qo‘llanadigan tarif 27 sentabrdan e’tiboran pasaytirilgan. Bunga, Vazirlar Mahkamasining 27 dekabr kungi qaroridan keyin, Kun.uz e’tibor qaratdi.
Ma’lum bo‘lishicha, limitdan ortiqcha ishlatilgan tok va gaz uchun oshirilgan tarif hukumatning 2024 yil 25 sentabr kungi qarori asosida pasaytirilgan. 27 sentabrdan kuchga kirgan qarorning ilovalari Lex.uz'da keltirilmagan, ammo shu sanadan boshlab elektr va gazdan foydalanish qoidalariga shu qarorga havola bilan tegishli o‘zgartishlar kiritilgan.
O‘zgartishlarga asosan, iste’molchilar (maishiy iste’molchilardan tashqari) elektr energiyasi iste’moli shartnomaviy miqdordan 20 foiz va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, mazkur miqdordan ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 1,2 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Ushbu qaror bilan, shuningdek, “yuqori” va “o‘rta” reytingga ega tadbirkorlarga elektr energiyasi uchun oldindan to‘lovni bir oy davomida ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat berilgan.
Sanab o‘tilgan yumshatishlar bo‘yicha davlat rahbari tomonidan avgust oyida, tadbirkorlar bilan an’anaviy uchrashuv chog‘ida topshiriq berilgandi.
Hukumatning 27 dekabr kungi qaror bilan esa, limitlarga oid normani tavsiflovchi jumlalarga faqat uslubiy tuzatishlar kiritilgan bo‘lib, qoidaning mazmunida o‘zgarish ro‘y bermagan.
Eslatib o‘tamiz, elektr energiyasi va tabiiy gazni shartnomaviy miqdordan 10 foiz va undan ortiq ishlatgan biznes su’yektlaridan ortiqcha ishlatilgan miqdor uchun 2 baravar to‘lov undirish 2024 yil 1 iyundan joriy etilgan edi.
Bu tartib haqida Energetika vazirligi oldindan xabar bermagan, natijada tadbirkorlar o‘rtasida tushunmovchiliklar yuzaga kelgandi.
Oldindan 100 foiz to‘lov qilishgan bo‘lsa ham, limitdan ortiqcha iste’mol uchun 2 barobar (elektr energiyasi uchun kilovatt-soatiga 1800 so‘mdan, tabiiy gaz uchun kubometriga 3000 so‘mdan) haq undirilayotgani biznesning e’tirozlariga sabab bo‘lgandi.
O‘shanda Energetika vazirligi bu tartibni “xorijiy davlatlar tajribasi” deb izohlagan, iqtisodchi Otabek Bakirov esa vazirlikning argumentlari yolg‘on ekanini ta’kidlagandi.
Mavzuga oid

17:32 / 30.01.2025
Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarni tekshirish samaradorligi bo‘yicha eng yomon tashkilot deb topildi

20:20 / 20.01.2025
Nodavlat OTMlarga norasmiy “soliq” solish davom etayotgani aytilmoqda. Vazirlik buni rad etdi

11:04 / 17.01.2025
200 nafar tadbirkor xalqaro moliya bozoridan 2 mlrd dollar jalb qilishga tayyorlanadi

09:55 / 15.01.2025