Yaponiyada 2023-2024 o‘quv yili davomida «ruhiy buzilishlar» tufayli ta’til olgan o‘qituvchilar soni 7119 nafargacha oshdi, deb xabar beradi Kyodo agentligi.
Qayd etilishicha, 2020 yildan 2023 yilga qadar har yili 5 ming nafar o‘qituvchi shu kabi sabablar bilan ta’til olgan. Ta’lim, madaniyat, sport, ilm-fan va texnologiyalar vazirligi 20 ta shahardagi ta’lim muassasalarida tadqiqotlar o‘tkazgan hamda uning natijasida Yaponiyadagi barcha o‘qituvchilarning 0,77 foizi «ruhiy buzilishlar» tufayli ta’tilga chiqqani aniqlangan.
Ularning aksariyati muammolar o‘quvchilar (26,5 foiz), hamkasblar (23,6 foiz) hamda ma’muriy ishlar (13,2 foiz) bilan bog‘liq ekanini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, oxirgi bir yilda ishdan bo‘shagan 788 nafar o‘qituvchidan 260 nafari maktabdan ketishiga «ruhiy muammolar»ni asosiy sabab qilib ko‘rsatgan.
Yaponiya Ta’lim vazirligi ushbu o‘rganishlar natijasi bo‘yicha o‘qituvchilarning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rishga, jumladan, o‘qituvchilar sonini oshirish orqali ularning ish yuklamasini kamaytirishga va’da bergan.