Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) 2025 yilda AQShning to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqadan foydalangan holda telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirish imkonini beruvchi sun’iy yo‘ldoshini kosmosga uchiradi. Bu haqda Hindustan Times xabar berdi.
Mamlakat ilm-fan va texnologiyalar vaziri Jitendra Singxning so‘zlariga ko‘ra, fevral yoki mart oyida Hindiston Amerikaning mobil aloqa sun’iy yo‘ldoshini uchiradi. «Bu qiziqarli missiya bo‘ladi», — deydi vazir.
Hozircha vazir ham, ISRO ham sun’iy yo‘ldoshni ishlab chiqaradigan kompaniya nomini oshkor etmadi, ammo ekspertlarning ta’kidlashicha, bu Texasning SpaceMobile telekommunikatsiya firmasi bo‘lishi mumkin. Kompaniya Hindistonning Shrixarikota kosmodromidan o‘zining Bluebird katta sun’iy yo‘ldoshini uchirish niyatida.
Ayni vaqtga qadar Hindiston tijoriy asosda Amerika kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan faqat kichik sun’iy yo‘ldoshlarni uchirgan. Bluebird’ning og‘irligi 6 ming kilogrammni tashkil etadi. Hind raketasi uni Yerning pastki orbitasiga olib chiqishi rejalashtirilmoqda.
O‘tgan yilning oktyabrida ISRO Venera sayyorasini o‘rganishga oid rejalarini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra Shukrayan-1 nomini olgan missiya 2028 yilning 29 mart kuni start oladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning yozida Hindiston Oyga kosmik kemasini muvaffaqiyatli uchirgan edi. Hindiston kosmik dasturi 1960 yillardan beri mavjud. Dastlab koinotga sun’iy yo‘ldoshlarni uchirishga e’tibor qaratildi. Mamlakat endi o‘z oldiga yanada ulkan maqsadlarni qo‘ymoqda.