AQSh butun dunyo uchun masxara obektiga aylandi - Tramp

Jahon 16:41 / 02.01.2025 6533

AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp mamlakat ochiq chegaralar va yomon rahbarlik tufayli dunyoning kulgusiga qolganini aytdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqda mamlakatdagi so‘nggi terrorchilik xurujlariga izoh berib yozdi.

Tramp Demokratik partiya va amaldagi ma’muriyatni tanqid qildi. «Mamlakatimiz halokatli ahvolda, butun dunyoda bizni masxara qilyapti. Bu ochiq chegaralar va deyarli yo‘q rahbarlikning mantiqiy oqibatidir», dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, demokratlar bunday voqealar sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ygani uchun uyatni his qilishi kerak.

Tramp prezident Jo Baydenni mamlakat xavfsizligini ta’minlay olmayotganlikda aybladi.

2025 yilning ilk soatlarida Nyu-Orleanning Burbon ko‘chasida mashina olomon ustiga haydaldi, oqibatda 15 kishi halok bo‘ldi, 35 kishi jarohatlandi. Hujum qilgan shaxs, Texas shtati sobiq harbiysi, 42 yoshli Shamsuddin Jabbor politsiya tomonidan hodisa joyida otib o‘ldirildi.

Shu kuni Las-Vegasdagi Trump International mehmonxonasi yaqinida Tesla avtomobili portladi, oqibatda bir kishi halok bo‘ldi, yetti kishi yaralandi.

Tesla egasi Ilon Mask avtomobilda qandaydir nosozlik bo‘lganini rad qildi va Nyu-Orleandagi hujum bilan bu hodisa o‘rtasida ehtimoliy bog‘liqlik borligini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: