Poyoniga yetgan yilda energetika doimiy munozaralar markazida turdi, Jahon savdo tashkiloti tomon muhim qadamlar tashlandi, O‘zbekiston so‘z erkinligi bo‘yicha ahvol eng og‘ir davlatlar safiga qaytdi, siyosiy sahnada shov-shuvli suiqasd ro‘y berdi. 2024 yil mamlakatimizda kechgan asosiy jarayonlar sharhi – Kun.uz dayjestida.
Iqtisodiyot
37,5 millionga yetgan o‘zbekistonliklar 2024 yilni qanday o‘tkazdi? Bu savolga javobimiz qiziqarliroq bo‘lishi uchun, yilnomani yilning eng shov-shuvli voqealarini eslab o‘tishdan boshlashimiz mumkin. Lekin agar bizni jiddiyroq javoblar qiziqtirsa, u holda ayrim makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga nazar tashlashimizga to‘g‘ri keladi. Chunki ayniqsa O‘zbekiston kabi kambag‘al mamlakatlarda aholining mutlaq katta qismi uchun iqtisodiyotdagi holat, oddiyroq aytganda tirikchilik g‘ami matbuotdagi har qanday shov-shuvli voqealardan ko‘ra muhimroq ahamiyatga ega.
Demak, 2024 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘tgan yildagi kabi kamida 6 foizga o‘sishi, aholi jon boshiga YaIM yashirin iqtisodiyotni ham qo‘shgan holda qayta baholashdan keyin 3 ming dollarga yetishi kutilyapti. Taqqoslash uchun, jon boshiga 3 ming dollarlik YaIM – 5 yil oldingidan 2 barobarga ko‘p; shu bilan birga, dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 4,5 barobarga, Qozog‘istonga nisbatan esa salkam 5 barobarga kam.
Rasmiylar 2024 yil yakunida kambag‘allik darajasi yil boshidagi 11 foizdan 9 foizga tushishini ma’lum qilgan. Shundan kelib chiqilsa, bir oylik iste’moli 650 ming so‘mga ham yetmaydigan o‘zbekistonliklar soni hozir salkam 3,5 mln nafarni tashkil etadi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, yanvar-sentabr oylarida aholining real daromadlari 7,7 foizga o‘sgan. Lekin bu juda umumiy raqam, chunki hududlar orasidagi farq nihoyatda katta: Toshkent shahri aholisining real daromadlari 10,5 foizga o‘sgan bo‘lsa, farg‘onaliklar va surxondaryoliklarning topish-tutishi atigi 1,5 foiz atrofida oshgan xolos.
Real daromadlarni hisoblashda, inflatsiya 10,5 foiz deb olingan. Yillik inflatsiya ham 10 foiz atrofida bo‘lishi kutilyapti. Lekin bu raqamga nisbatan ishonch yuqori emas. Markaziy bank so‘rovnomalari asosida aniqlanuvchi sezilgan inflatsiya ko‘rsatkichi noyabrda so‘nggi 15 oylik uchun maksimum – 14 foizdan oshgan, Toshkent shahrida sezilgan inflatsiya 18 foizga yetgan. Bu esa aholining real daromadlari haqidagi rasmiy raqamlarni shubha ostiga qo‘yadi. Ya’ni, yuqorida tilga olganimiz Farg‘ona va Surxondaryo kabi viloyatlarda yashovchi aholi aslida kambag‘allashgan bo‘lishi ham mumkin.
Haqiqatan ham, inflatsiya o‘zbekistonliklar uchun yil muammosiga aylandi. 1 maydan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflar 4 yil ichida ilk marta, lekin ancha sezilarli darajada oshirildi; bazaviy norma belgilanib, undan ortiq iste’mol uchun tabaqalashgan tariflar amal qila boshladi. Shuningdek, “kvartplata”, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti tariflari ham oshdi. Yo‘lkira narxlari, benzin va propan kabi yoqilg‘ilar, shuningdek, temiryo‘l chiptalari bir necha marta qimmatlashdi. Issiqxonalarning gazsiz qolishi oziq-ovqat va umumiy ovqatlanish shoxobchalaridagi narxlarga ta’sir qildi. Dori vositalari uchun QQS imtiyozining bekor qilinishi davolanish xarajatlarini keskin oshirdi. Davlat oliygohlarida 4 yildan beri o‘zgarmay kelgan kontrakt qiymatlari 15 foizga ko‘tarildi; narx-navo qimmatlashishi bog‘cha to‘lovlari va xususiy ta’lim maskanlarini ham chetlab o‘tmadi.
Hukumat energetikadagi tariflar oshishining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga zarbasini yumshatish uchun ularga kompensatsiya to‘lovlari joriy qilgan, ijtimoiy himoya bo‘yicha yana qator choralarni e’lon qilgan bo‘lsa-da, boshqa tomondan farzand tug‘ilganda beriladigan “suyunchi puli”ni qisqartirib yuborgani ko‘pchilikni hayron qoldirdi. 812 ming so‘mlik “suyunchi puli” 1 apreldan boshlab birinchi farzandi uchun barcha ayollarga, ikkinchi farzandi uchun esa faqat ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga berilyapti. Uchinchi va undan keyingi farzandlar uchun hech kimga “suyunchi puli” berilayotgani yo‘q. Bundan tejab qolingan pullar qayerga ishlatilgani esa ochiqlanmadi.
Yil davomida, shuningdek, O‘zbekistonning tashqi qarzlari 60 mlrd dollardan oshdi. 1 oktyabr holatiga, mamlakatimizning umumiy tashqi qarzi 60,2 mlrd dollarga yetgan. Shundan 32,5 mlrd dollari davlat tashqi qarzi, 27,7 mlrd dollari esa korporativ tashqi qarzlar. Korporativ qarzlarning ham katta qismi davlat kompaniyalariga to‘g‘ri keladi. S&P xalqaro reyting agentligiga ko‘ra, davlat kafolatisiz olingan qarzlar ham oxir-oqibat soliq to‘lovchilarning gardaniga tushib qolishi mumkin. Ayni paytda, davlat hisobidan tashqi qarz jalb qilish bo‘yicha 2024 yilgi limit 5 mlrd dollardan yil oxirida 7,3 mlrd dollargacha oshirilgani e’tiborli. Bu – joriy yilda rekord darajada ko‘p tashqi qarz olinganidan darak berishi mumkin.
Budjetda pul yo‘q degan vaj bilan bolalarning haqqidan qisib qolinayotgan, rekord darajada ko‘p tashqi qarz olinayotgan bir paytda, budjet mablag‘lari doim ham to‘g‘ri sarflanmayotgani, masalan, har xil festivallar o‘tkazilayotganini tanqid qilgan o‘zbekistonliklar, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovdan yilning eng shov-shuvli bayonotlaridan birini eshitdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “festival o‘tkazish ko‘chani asfalt qilishdan muhimroq” ekan.
Tadbirkorlik muhiti
2024 yilgi O‘zbekiston iqtisodiy hayotiga oid muhim yangiliklarni qisqacha eslab o‘tamiz. YaIMning beshdan bir qismini tashkil etuvchi qishloq xo‘jaligi sohasida bu yil ham muhim ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Xususan, qishloq xo‘jaligi yerlarining ijara huquqini sotishga ruxsat berildi. Bu orqali ijaraga olingan yerlar ham bozor aktiviga aylanib, fermerlarda ularni erkin sotish imkoniyati paydo bo‘ldi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida qonun qabul qilinib, fermer va dehqonlarning klasterlardan mustaqil bo‘lib ishlashlari uchun huquqiy sharoit yaxshilandi.
Paxtachilikni erkinlashtirishga qaratilgan birinchi jiddiy urinish esa muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Fyuchers bitimlari ilk marta birjada tuzilganiga qaramay, terim vaqtiga kelganda klasterlar kelishilgan narxda pul to‘lashdan bosh tortdi. Hukumat tadbirkorlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarga aralashib, klasterlarga yon bosishi ortidan, fermerlar paxtani arzonroq sotishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa, amalda bu yil ham paxta narxini bozor emas, yana davlat belgilab berdi. Ustiga ustak, rejani bajarmagan fermerlarning hokimdan haqorat eshitishi holatlari ham davom etdi. G‘alla mavsumida esa, qator tumanlarda fermerning bug‘doyini zo‘ravonlik bilan klasterga olib berish harakatlari yana kuzatildi. Shuningdek, hokimlarning fermerlardan noqonuniy ravishda yerni tortib olishi va buning uchun jazosiz qolishi holatlari ham to‘xtagani yo‘q.
Yil davomida iqtisodiyotda eng ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan voqealar doimgidek savdo va sanoat sohalariga oid bo‘ldi. Yil boshida maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarga ko‘pdan ko‘p imtiyozlarning yangi paketi e’lon qilindi. Qo‘shimchasiga, O‘zbekistonda dilerlik va servis markazlari mavjud bo‘lmagan ishlab chiqaruvchilarning maishiy texnika tovarlarini import qilish taqiqlandi, maishiy texnikalar importida pulli energosamaradorlik testlari joriy qilindi. Natijada xorijdan maishiy texnika mahsulotlari olib kirish keskin kamayib ketdi. Bu mavzudagi o‘tkir tortishuvlar soha vakillari, xususan Artel rahbari Shohrux Ro‘ziqulov va taniqli iqtisodchi Otabek Bakirov o‘rtasidagi qizg‘in bahs bilan ko‘pchilikning yodida qoldi.
Proteksionistik siyosat avtomobil bozorida ham butun bo‘y-basti bilan namoyon bo‘ldi. Avvaliga importga qo‘shimcha cheklovlar kiritilib, fuqarolarning tijorat maqsadida avtomobil olib kirishi taqiqlandi. Keyinroq import avtomobillarni sertifikatlash bojxona hududidan Piskent tumanidagi poligonga ko‘chirildi, 9 mln so‘mgacha bo‘lgan narxdagi elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi joriy etildi. Ko‘p o‘tmay, avtopoligon oldida uzun navbatlar yuzaga kelib, laboratoriyaning quvvati mavjud talabdan 3,5 barobarga kamligi oydinlashdi.
Yil davomida rasmiylar BYD elektromobillarining dilerlik tarmog‘idan tashqaridagi importini qanday qilib cheklash mumkin, degan savol ustida ham bosh qotirdi. Bu masala ko‘tarilishiga BYD kompaniyasining murojaati sabab bo‘lgani aytildi. Murojaatga qanday javob berilgani ma’lum emas, lekin yuqorida aytib o‘tilgan yangiliklarning o‘zi ham “norasmiy” tarzda BYD olib kirishni ancha qiyinlashtirish uchun yetarli bo‘ldi. Bu o‘rinda, ushbu cheklovlar elektromobillarni mahalliylashtirish fonida ro‘y berayotganini ta’kidlash kerak: Jizzaxda “O‘zavtosanoat” ishtirokida ochilgan BYD zavodi ishga tushirilib, Chazor va Song Plus Champion modellarini yirik uzelli yig‘ish usulida ishlab chiqarish boshlandi. “O‘zavtosanoat” raisi budjet segmentidagi Seagull va E2 modellarini ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishini aytgan bo‘lsa, zavod direktori arzon narxlarni va’da qildi.
BYD Uzbekistan'ning “akasi” UzAuto Motors esa bu yil Lacetti ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Kompaniyaning eng asosiy tovariga aylangan Cobalt uchun yarim yillab navbat kutishlar va ba’zi-ba’zidagina ochiladigan yopiq kontraktatsiya tizimi bu yil ham davom etdi. Ammo yuqoriroq segmentga kelganda, kuchaygan raqobat muhiti UzAuto'ni Onix va undan qimmatroq modellari uchun chegirmalar berishga majbur qildi.
Savdoga to‘siqlar faqat maishiy texnika va avtomobillarga taalluqli bo‘lgani yo‘q. Yil boshida to‘satdan lift importi to‘xtatib qo‘yilgani sabab, o‘nlab tadbirkorlar olib kelgan yuzlab liftlar bojxonada qolib ketdi. Yil oxiriga kelib, quyosh panellari importiga ham cheklov kiritilgani ma’lum bo‘ldi. Unga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab, BNEF Tier-1 xalqaro ro‘yxatiga kirmaydigan kompaniyalardan quyosh panellari, invertorlar va elektr energiyasini saqlash tizimlarini import qilish taqiqlanadi.
Biznesni qo‘llab-quvvatlash yilida biznes duch kelgan muammolar faqat shulardan iborat emas. Aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy belgilangan miqdorda to‘lash bo‘yicha yengilliklar bekor qilindi. Tadbirkorlarni quyosh panellari o‘rnatishga majburlash kampaniyasi bu yil ham davom etdi. Yil so‘ngida esa elektromobillarni quvvatlash stansiyalari elektr tarmog‘idan uzilib, dabdurustdan tadbirkorlar oldiga stansiyalarni demontaj qilish talabi qo‘yildi. Bu vaziyatda tadbirkorlarga hech qanaqa yechim taklif qilinmagani quvvatlash stansiyalari bozori monopoliyaga aylanishi haqidagi xavotirlarni o‘rtaga chiqaryapti.
Tashqi savdo va transport
O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining 2026 yilgi sammitiga qadar tashkilotga a’zo bo‘lib kirish niyatida. Bu yil ham ishchi guruhning ikkita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Hozirgacha a’zolik jarayonida muzokara o‘tkazish istagini bildirgan 31 ta davlatdan 21 tasi, xususan AQSh va Xitoy bilan yakuniy kelishuvlarga erishildi. Qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti normalariga uyg‘unlashtirish ishlari davom etmoqda. Iyun oyida imzolangan prezident farmoni a’zolik yo‘lida jiddiy qadam bo‘ldi. Hujjat bilan, bir nechta monopol kompaniyalarning alohida huquqlari, bir qator soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilinadigan bo‘ldi. Ular orasida elektrotexnika sanoati va avtosanoatga berilgan ayrim imtiyozlar ham bor.
Yilning yana bir muhim yangiligi – Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li qurilishining boshlanishi bo‘ldi. 5 yil davomida quriladigan bu temiryo‘l O‘zbekistonning logistik mustaqilligini oshirib, Xitoy–Yevropa quruqlik koridorining muhim qismiga aylanish imkonini beradi. Shuningdek, O‘zbekistonning shimoliy koridori – o‘ta abgor ahvolda bo‘lgan Qo‘ng‘irot–Beyneu yo‘lining qayta ta’mirlangani, Amudaryo ustidan o‘tuvchi yangi ko‘prik qurilgani, Buxoro–Urganch–Xiva temiryo‘lini elektrlashtirish ishlari yakuniy bosqichga kirgani ham transport-logistika sohasida katta yutuq bo‘ldi.
Bir necha kun oldingi xabarlarga ko‘ra, Janubiy Koreya kompaniyasi Toshkent–Samarqand temiryo‘lining yangi tarmog‘ini loyihalashtirishni boshlagan. Qurilishi shu yildan boshlanishi kerak bo‘lgan Toshkent–Samarqand pulli yo‘lini qurish ishlaridan esa hozircha darak yo‘q. O‘tgan yili Toshkent shahri uchun mingta avtobus sotib olinganidan keyin, 2024 yilgi davlat dasturiga viloyatlar uchun 900 ta avtobus xarid qilish vazifasi kiritilgan edi – bu vazifa qay darajada bajarilgani hozircha ma’lum emas.
Xususiylashtirish
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytiruvchi xususiylashtirish jarayonlariga ham to‘xtalsak. Afsuski, yilning eng katta xususiylashtirish jarayoni ochiq va shaffof tarzda emas, yopiq eshiklar ortida ro‘y berdi. O‘zbekistondagi eng yirik benzin shoxobchalari tarmog‘i – “UNG Petro” hamda Chinoz neftni qayta ishlash zavodi sobiq tashqi ishlar vazirining o‘g‘li Doniyor Komilovning kompaniyasi egaligiga o‘tdi. “O‘zbekneftgaz”ga tegishli bo‘lgan AYoQShlar nomi yil oxiriga kelib “Carvon” deb o‘zgartirildi. Bu aktivlar qachon va qancha narxga sotilgani, o‘zi umuman sotilganmi yoki boshqacha tarzda hisob-kitob qilinganmi – noma’lum bo‘lib qolmoqda.
2024 yilgi eng yirik oldi-sotdi jarayonlaridan yana biri ham aynan benzinga aloqador bo‘ldi, lekin unda davlat ishtirok etmadi: Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini ayrim majburiyatlar bilan 100 mln dollarga xususiylashtirib olgan Saneg kompaniyasi zavodning bir qismini 140 mln dollarga sotishga muvaffaq bo‘ldi. Taqqoslash uchun, yil davomida 10 mln dollardan ortiq narxga xususiylashtirilgani e’lon qilingan 7 ta yirik aktivning jami narxini qo‘shganda ham 140 mln dollarga yetmaydi. Bu o‘rinda, Saneg zavod uchun 100 mln dollarlik to‘lovni davlat g‘aznasiga 2,5 yildan beri haligacha to‘lab bo‘lmagani e’tiborli.
Xususiylashtirish haqida gap ketganda, eng shov-shuvli voqealardan yana biri “Paxtakor” futbol klubi stadioniga qo‘shib sotuvga qo‘yilgani, jamoatchilik e’tirozidan keyin sotuv to‘xtatilgani bo‘ldi. Poytaxtning sobiq hokimi, klub prezidenti Jahongir Ortiqxo‘jayevning aytishicha, u klub va stadionni tekinga olib, rivojlantirmoqchi bo‘lgan, lekin har xil gaplardan keyin bu fikridan voz kechgan. “Paxtakor”ni 100 dollarga bersa, sotib olmayman u yerni. Tekinga bersa olaman. Stadionini ham. Tekinga bersa olaman, pulga bersa olmayman”, – degandi u “Lolazor” podkastidagi intervyusida.
So‘z erkinligi va energetika
Tuni bilan metanga navbat kutib, gaz ololmagan Damas haydovchisining achchiq, alamli gaplarini eshitmagan odam qolmagan bo‘lsa kerak. Allaqachon yaroqsiz holatga kelgan poyabzali bilan ro‘zg‘or tebratayotgan bu yigit, ijtimoiy tarmoqlar qahramoniga, O‘zbekistondagi gaz inqirozining tirik ramziga aylandi. Uning ushbu gaplari uchun ichki ishlar organiga chaqirilgani esa, O‘zbekiston yildan yilga so‘z erkinligi reytingida pasayib borayotgani bejiz emasligini ham yaxshigina izohlab beradi. Bu yil O‘zbekiston so‘z erkinligi reytingida 11 pog‘onaga qulab, “to‘q qizil” rangli, ya’ni ahvol eng og‘ir mamlakatlar ro‘yxatiga qaytdi.
Damas'chi yigit keyingi videolarida unga hech kim bosim qilmaganini aytgan bo‘lsa-da, u bugun bo‘lmasa ertaga, ertaga bo‘lmasa bir yildan keyin yana ichki ishlar idorasiga chaqirilishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi. Chunki u tanqid qilgan sohaga energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov rahbarlik qiladi. Mirzamahmudov esa – 1 yil, 1,5 yil oldingi gaplar uchun tanqidchilarini javobgarlikka tortishni o‘ziga ep ko‘radigan noyob amaldor. Uning iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan kiritgan, lekin rad etilgan arizasi O‘zbekistonning so‘z erkinligi reytingida Butan va Sudan oralig‘ida joylashgan o‘rniga ijobiy ta’sir qilmasligi aniq. O‘zi shundog‘am, qanday qilib O‘zbekiston so‘z erkinligi reytingida urush girdobidagi Sudan bilan yonma-yon joylashib qolganiga aql bovar qilmaydi.
Energetika sohasini sarhisob qilarkanmiz, qishda ta’minotning barqarorligi haligacha havo haroratiga bog‘liqligicha qolayotganini afsus bilan ta’kidlashga majburmiz. Isimayotgan uylar, gazdan uzilgani uchun faoliyati to‘xtab qolgan minglab tadbirkorlar, is gazidan o‘layotgan butun boshli oilalar – ming afsuski, gazga boy O‘zbekiston 21-asrning 25-yiliga ham shu alpozda kirib kelyapti.
Quvonarlisi, yil davomida o‘ndan ortiq yangi elektr stansiyalar ishga tushirilib, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi keskin oshirildi. Rasmiylarga ko‘ra, yetishmovchilik sababli rejali tarzda tokni o‘chirish degan narsa endi tarixda qolgan: O‘zbekiston elektr energiyasi bo‘yicha o‘z ehtiyojini to‘liq qoplay oladigan darajaga chiqqani aytilyapti. Ro‘y berib turgan uzilishlar esa eskirgan tarmoqlar mavjud yuklamani ko‘tara olmasligi bilan bog‘liq, demoqda Energetika vazirligi.
Bu soha haqida gapirganda, tariflar masalasini eslamaslik mumkin emas. Hukumat elektr va gaz bo‘yicha bu yilgi tariflar oshishini aholi uchun narxlar 4 yildan beri o‘zgarmay kelayotgani bilan izohlashi mumkindir, lekin 2025 yil 1 aprelga belgilangan navbatdagi oshirishni tushuntirish mas’ullarga oson bo‘lmaydi. Chunki kutilgan islohot ro‘y bergani yo‘q: narx shakllanishi zanjiri batafsil ochiqlanmadi, tannarx qanday qilib bunchalik tez o‘syapti degan savollar javobsiz qoldi. Ya’ni, “siz pulini to‘lang, uyog‘i bilan ishingiz bo‘lmasin” qabilida ish tutildi. Ustiga ustak, gazlashtirilmagan hududlarga nisbatan limit belgilashdagi adolatsizlikka ham chek qo‘yilmadi. Ijtimoiy norma borasida Oliy sudga arz qilgan fuqaroning shikoyati negadir ko‘rib chiqilgani ham yo‘q. Ayni paytda, elektromobillar uchun alohida tungi tarif qachon joriy etilishi ham noma’lum.
Energetikada yilning yana bir muhim voqeasi – atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha uzil-kesil yakuniy qaror qabul qilingani bo‘ldi. Putinning Toshkentga tashrifi vaqtida avvalgi bitimga o‘zgartirish kiritilib, Jizzaxda yirik AES emas, kam quvvatli AES qurishga kelishildi. Bosh pudratchisi “Rosatom” bo‘ladigan 330 megavattlik stansiyaning ilk reaktori 5 yildan keyin ishga tushirilishi mumkin. O‘tgan oylarda “O‘zAtom” direktori bunday kichik AESlarni butun respublika bo‘ylab qurish masalasini ko‘targan bo‘lsa, energetika vaziri 2040 yilgacha O‘zbekistonda baribir yirik AES ham qurilishiga ishonch bildirdi.
Shu bilan birga, real amaliy harakatlar AES yo‘nalishida emas, asosan shamol va quyosh stansiyalarini ko‘paytirishda ko‘zga tashlanayotganini qayd etish kerak. Aynan qayta tiklanuvchi manbalar hisobidan elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirib borish, 2030 yildan boshlab ortiqcha elektr tokini hatto Yevropaga eksport qilish reja qilingan. Noyabr oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon prezidentlari bu loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Tabiiy gaz defitsiti borasidagi rejalar esa gazni tejovchi texnologiyalarga o‘tish, kamayib borayotgan qazib olishni ko‘paytirish hamda Rossiya va Turkmanistondan importni oshirishdan iborat. Energetika vazirligi 2027-2030 yillargacha gaz va svet masalasida hech qanday muammo qolmasligiga va’da bergan. Hozircha esa, vazirlik haydovchilarga “gaz bo‘lmasa, benzin quyish”ni maslahat beryapti:
“Uyi sovuq bo‘lgandan ko‘ra, metan-zapravkada ozgina navbat kutishi mumkin. Yoki navbat kutishni istamasa, borib benzin xarid qilib bemalol yurishi mumkin”.
Tashqi siyosat
2024 yilgi tashqi siyosatga oid voqealarni eslaganda, birinchi bo‘lib yana Rossiyaning O‘zbekiston ichki ishlariga muntazam ravishda aralashib kelayotgani yodga tushadi. Sherzodxon Qudratxo‘janing O‘zbekiston fuqarolari haqidagi gapidan keyin o‘zbek elchisining Rossiya TIVga chaqirilgani, Toshkentdagi maktabda rus tili darsi vaqtida ro‘y bergan voqea uchun Moskva Toshkentdan izoh talab qilgani, Rossiya parlamenti mansabdori O‘zbekistonga Ukrainaning taqdirini eslatgani shular jumlasidan. Yil so‘ngida esa Checheniston rahbari Ramzan Qodirov o‘zbekistonlik ikki amaldorga ochiqchasiga tahdid bilan chiqdi.
Bu holatlarga O‘zbekiston tomonidan ayrim faol deputatlar javob qaytarib turdi. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashuvlaridan birida O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmaslikni so‘radi. Yana bir holatda, rossiyalik shovinistlarning kurakda turmaydigan haqoratli gaplari seriyasidan keyin, O‘zbekistonda rus propaganda telekanallarini yopishga chaqirgan Ma’naviyat va ma’rifat markazi direktori Minhojiddin Mirzo bir necha kun o‘tib ishdan olingani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Shu bilan birga, shovinistlarning chiqishlariga javob sifatida, xorijliklarni nomaqbul shaxs deb topish haqida qonun qabul qilindi.
Shimoldan bo‘layotgan bosimlarga qaramay, O‘zbekiston bu yil KXShT va YeOIIga a’zo bo‘lishdan bosh tortdi, ayni paytda, BRICS'da hamkor-davlat maqomini oldi. Rossiyaga bog‘liqlikni kamaytirish uchun, tashqi siyosatda migratsiya geografiyasini kengaytirish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rilmoqda va bu asta-sekin natija bera boshladi: xorijdan pul o‘tkazmalari tarkibida Rossiyaning ulushi sezilarli qisqaryapti. 1 iyundan boshlab, migrantlarning imtihon, viza va aviachipta xarajatlarini davlat tomonidan qisman qoplab berish yo‘lga qo‘yildi.
Tashqi siyosatda, shuningdek, O‘zbekiston G‘azodagi urushni to‘xtatishni yoqlab qator bayonotlar bergani, Shavkat Mirziyoyev Falastin borasidagi G‘arbning ikkiyuzlamachiligini ko‘p bora tanqid qilganini ta’kidlash lozim. Markaziy Osiyo integratsiyasi bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surilgani, Qirg‘iziston bilan chegaradagi ikkita muhim postning ochilgani, Tojikiston va Ozarboyjon bilan ittifoqchilik shartnomalari imzolangani, bosh vazir Abdulla Aripov tan olinmagan “Tolibon” nazoratidagi Kobulga tashrif buyurgani ham muhim voqealardan bo‘ldi. O‘zbekistonliklar bu yildan boshlab eng ommaviy turistik yo‘nalishlar qatoridagi BAA va Tailandga vizasiz borish imkoniga ega bo‘ldi. Kelasi yili Xitoy ham O‘zbekiston vatandoshlari uchun vizasiz rejimni joriy qiladi.
2024 yil yana qaysi voqealar bilan yodda qoldi?
Albatta, Parij olimpiadasi va paralimpiadasi bilan. Atletlarimiz ikkala musobaqada ham 13-o‘rinni egallab, milliy sportimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa ochishdi. Olimpiadada 8 ta oltin, Paralimpiadada esa naq 10 ta oltin medal qo‘lga kiritildi. Diyora Keldiyorova, Asila Mirzayorova kabi sportchilarimiz yil qahramonlari bo‘lishdi. Jamoaviy sport turlaridan ilk marta futbolda ham olimpiadaga chiqishni uddaladik. Yigitlar garchi bitta durang va ikkita mag‘lubiyat bilan qaytgan bo‘lsa-da, bu – o‘zbek futbolining oxirgi 30 yildagi eng katta yutug‘i bo‘ldi.
Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konini o‘zlashtirishda yirik avariya ro‘y berdi. 1 sentabr kungi dastlabki portlash qurbonlarsiz bo‘lgan bo‘lsa, oradan 17 kun o‘tib kuzatilgan takroriy avariyada pudratchi Eriell'ning 4 nafar xodimi halok bo‘ldi. Voqea aholi, ayniqsa bolalar salomatligiga jiddiy ta’sir qilgani, odamlar o‘limi ro‘y bergani, hudud ekologiyasiga shikast yetganiga qaramay, holatni batafsil tekshirish uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilmagani hayratlanarli hol bo‘ldi. Oxirgi marta noyabr oyida yana bir portlash kuzatilgani, shundan keyin badbo‘y hid kamaygani xabar qilingandi.
Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd siyosiy sahnadagi eng katta voqealardan biri bo‘ldi. Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Allamjonov lavozimidan ozod etilganidan ko‘p o‘tmay, unga nisbatan suiqasd uyushtirildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha 7 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan, ikki nafar Rossiya fuqarosi (chechenistonlik ekani aytilmoqda) qidiruvga berilgan. Suiqasd yuzasidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlar doirasida DXX va IIVda qator iste’folar ro‘y berdi. DXX raisi Abdusalom Azizov lavozimidan bo‘shatildi.
Formal jihatdan olib qaraganda, yilning asosiy voqeasi – bu deputatlikka saylovlar bo‘lishi kerak edi. Ammo o‘sha-o‘sha beshta partiya ishtirokida o‘tgan saylov siyosiy o‘zgarishlarga olib kelmadi: barcha darajadagi rahbarlar – tuman hokimlaridan tortib, Senat raisigacha o‘z lavozimida qoldi. Hukumat a’zolarining barchasi, hatto tanqidlar yomg‘iri ostidagi energetika vaziri ham hech qanday savol-javobsiz o‘z lavozimiga qayta tasdiqlandi. Shu sabab, yangi parlament ilk majlislaridan birida hukumatning 10 trillion so‘mlik xarajatlarini 10 daqiqaga bormay, biror savolsiz tasdiqlab bergani ham amalda ko‘pchilikni hayron qoldirgani yo‘q.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruzbek Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova