Kanadaning Halifaks shahri aeroporti yo‘lovchi samolyot bilan bog‘liq hodisa tufayli vaqtincha yopilgan.
Xabar qilinishicha, gap PAL Airlines aviakompaniyasining Sent-Jonsdan uchib kelgan 2259 Air Canada Express reysi haqida ketmoqda.
«Barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari bortdan tushirilib, aerodromdan olib ketilgan», — deyiladi xabarda.
Hodisa mahalliy vaqt bilan 21:30 atrofida (Toshkent vaqtida 6:30) ro‘y bergan, shundan keyin mazkur aeroport «ma’lum vaqtga yopiq turgan», taxminan ikki soat o‘tib uchish-qo‘nish yo‘laklaridan biri faoliyatini tiklagan.
CBC News xabariga ko‘ra, samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagida sirpanib ketgan va uning bir qismi yona boshlagan. Yo‘lovchilardan biri Nikki Valentayn telekanalga qo‘nish chog‘ida shassi g‘ildiraklaridan biri ishlamay qolganini aytgan. «Samolyot 20 daraja burchak ostida chapga og‘a boshladi va qo‘nganda biz qattiq ovozni eshitdik, bu zarba ovoziga o‘xshardi, ovoz samolyot qanoti asfalt bo‘ylab sirpanishni boshlagan vaqtda chiqdi, men esa uni dvigatel ovozi deb taxmin qilgandim», — degan ayol.
Valentaynning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin samolyot «qattiq silkingan» va chap tomonda yong‘in chiqqan. Salondan olingan kadrlarda chap qanot yonayotgani ko‘ringan.
Air Canada vakili Piter Fitspatrik La Presse uchun izohida samolyotda qo‘nishdan keyin «shassi bilan bog‘liq muammo» yuzaga kelgan. Uning aniqlik kiritishicha, bortda 73 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Evakuatsiyadan keyin yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari angarga olib o‘tilgan, bu yerda ularni tibbiyot xodimlari ko‘rikdan o‘tkazgan. Yangi Shotlandiya viloyati Qirolllik otliq politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, bir necha kishida yengil jarohatlar qayd etilgan.