Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan telefon orqali Oqtov yaqinida AZAL aviakompaniyasi yo‘lovchi samolyoti halokatini muhokama qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
«Suhbatda 25 dekabr kuni Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqinida Ozarboyjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyotining halokatga uchrashi bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi», deyiladi xabarda.
Suhbatda ta’kidlanishicha, Ozarboyjon samolyoti Ukraina dronlarining hujumlari va Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi amaliyoti chog‘ida Grozniyga qo‘nishga uringan.
«Putin Ozarboyjon samolyoti bilan sodir bo‘lgan voqea Rossiya havo hududida yuz bergani uchun Aliyevdan uzr so‘radi. Rossiya prezidenti aviahalokatda qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga yana bir bor hamdardlik bildirdi», deyiladi xabarda.
Xabarga ko‘ra, Rossiya Tergov qo‘mitasi Jinoyat Kodeksining 263-moddasi (Havo transporti harakati xavfsizligi va havo transportidan foydalanish qoidalarini buzish) bo‘yicha jinoyat ishi ochgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, fuqarolik va harbiy mutaxassislar so‘roq qilinmoqda. Hozir Ozarboyjon Bosh prokuraturasining ikki xodimi Grozniyda bo‘lib, u yerda Rossiya Bosh prokuraturasi va Tergov qo‘mitasi vakillari bilan hamkorlikda ishlamoqda. Rossiya, Ozarboyjon va Qozog‘istonning tegishli idoralari Oqtovdagi hodisa joyida yaqindan hamkorlik qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, suhbat Rossiya tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan.
Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati suhbat haqida hali ma’lumot bermadi.