28 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qildi. Suhbat haqida Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ikki davlat rahbari 25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines aviakompaniyasi samolyoti halokatini muhokama qilgan.
Ozarboyjon prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Putin samolyotga Rossiya havo hududida fizik va texnik ta’sir bo‘lganini aytgan.
«Vladimir Putin 25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines yo‘lovchi samolyotiga Rossiya havo hududida fizik va texnik ta’sir bo‘lgani va buning oqibatida yuzaga kelgan fojiali voqea uchun uzr so‘radi. U baxtsiz hodisada halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi», deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, xabarda «fizik va texnik ta’sir» haqida batafsil tushuntirish berilmagan.
Prezident Ilhom Aliyevning qayd etishicha, Azerbaijan Airlines samolyoti Rossiya havo hududida bo‘lganida «tashqi fizik va texnik ta’sirga uchragan», boshqaruvni butunlay yo‘qotib, «Oqtov (Qozog‘iston) shahriga jo‘natilgan» va favqulodda vaziyat yuzaga kelgan. Shunday bo‘lsa-da, «faqat uchuvchilarning jasorati va professionalligi tufayli qo‘ngan».
Ozarboyjon rahbari suhbatda samolyot korpusida «ko‘plab teshiklar mavjudligi, yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari havoda bo‘lganida samolyot ichiga kirgan yot zarralar ta’sirida jarohatlangani», «tirik qolgan bort kuzatuvchilari va yo‘lovchilarning shu haqdagi bayonotlari borligini» alohida ta’kidlab, tashqi «fizik va texnik ta’sir faktini tasdiqlagan».
«Suhbat chog‘ida davlat rahbarlari ushbu fojianing barcha tafsilotlarini jiddiy va keng qamrovli tekshirish, shuningdek, aybdorlarni javobgarlikka tortish masalalarini muhokama qildilar», deyiladi xabarda.
Prezident Ilhom Aliyevning aytishicha, Ozarboyjon tomonining taklifi bilan ushbu avariya sabablarini har tomonlama tekshirish uchun xalqaro ekspertlar guruhi tashkil etilgan va bu guruh allaqachon ish boshlagan.
Davlat rahbarlari, shuningdek, fojia yuzasidan boshlangan tergov jarayoni oshkora olib borilishi va bu haqda jamoatchilik muntazam ravishda xabardor qilinishini alohida ta’kidlagan.
Avvalroq, ikki davlat prezidenti suhbati haqida Kreml ham xabar berib, unda Rossiya prezidenti «Ozarboyjon samolyoti bilan sodir bo‘lgan voqea Rossiya havo hududida yuz bergani uchun» Aliyevdan uzr so‘ragani aytilgan edi.