Yangi «Futbol TV» telekanalining ochilishiga bag‘ishlab MTRK mediamarkazida o‘tkazilgan marosimda telekanal bosh direktori Zohid Karimov, o‘zbekistonlik taniqli murabbiylar Mirjalol Qosimov, Vadim Abramov, Ravshan Haydarov, Temur Kapadze, «Sport» telekanali sharhlovchi va jurnalistlari hamda bir qator rasmiylar ishtirok etishdi.
Tribuna.uz muxbirining ma’lum qilishicha, to‘liq futbolga ixtisoslashgan telekanal 2025 yilning 1 yanvar kunidan boshlab «Foreign Language» telekanali o‘rnida faoliyat yuritadi. Telekanal hozircha Osiyo futboliga bog‘liq klublar va milliy jamoalar ishtirokidagi uchrashuvlar, Superliga-2025 o‘yinlarini keng tarzda namoyish etishni rejalashtirgan.
Telekanal Pro liga-2025 va Futzal bo‘yicha Oliy liga o‘yinlarini ham yoritishni maqsad qilgan. Shuningdek, «Sport» telekanalidagi bir qator futbolga oid ko‘rsatuvlar «Futbol TV» telekanaliga ko‘chiriladi.
«Futbol TV» telekanali direktori Zohid Karimovning Tribuna.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, MTRK translatsiya huquqini qo‘lga kiritish uchun Yevropaning bir qator ligalari bilan muzokara olib bormoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda «Zo‘rTV» kanali Chempionlar ligasi va La Liganing markaziy uchrashuvlarini translatsiya qilayotgan bo‘lsa, Angliya Premer-ligasi, A Seriya, Bundesliga va Fransiya chempionati bahslari bepul namoyish etiladigan telekanallar tomonidan sotib olinmagan.