Futbol TV telekanali tugatilib, o‘rniga ko‘ngilochar kanal ochilmoqda

O‘zbekiston 16:25 / 30.11.2022 13732

2017 yilda ish boshlagan Futbol TV telekanali keyingi 2022/2023 yilgi mavsum uchun TOP-5 chempionatlarini translatsiya qilish huquqini qo‘lga kirita olmagani ortidan avvalgi mavsumlardagi o‘yinlarnigina efirga uzatish bilan kifoyalanayotgan edi. Shuningdek, Yevropa chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, Yevropa konfederatsiyalar kubogi, ayni paytda Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati bahslarini efirga uzatish imkonidan mahrum bo‘ldi.

Futbol bo‘yicha Angliya va Ispaniya chempionatlari bahslarini Rossiya hamda Markaziy Osiyo davlatlari hududida translatsiya qilishning ekzklyuziv huquqini  Setanta Sport xarid qilgan va hozirda ushbu musobaqalardan o‘rin olgan o‘yinlarni onlayn namoyish etib kelmoqda.

Italiya A seriyasi, yevroligalar (Yevropa chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, Yevropa konfederatsiyalar kubogi, Millatlar ligasi), ayni paytda Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati bahslari MTRKning Sport telekanali tomonidan efirga uzatilib kelmoqda. Budjetdan moliyalashtiriladigan Sport TV kelishuv miqdorini ochiqlagani yo‘q.

Kun.uz manbalarining ma’lum qilishicha, Sport TV tomonidan translatsiyalar huquqi uch yilga sotib olingan. Shu sababli amalda deyarli faoliyat ko‘rsatmayotgan, retranslatsiyalar bilan efirni to‘ldirib turgan Futbol TV rebrending e’lon qildi.

Unga ko‘ra telekanal bundan buyon FTV deb nomlanadi va unda o‘zbek, rus, turk va jahon estradasi yulduzlari ishtirokidagi mashhur kliplar, sport, kino, ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar efirga uzatiladi.

O‘zbekistonda ilk futbolga ixtisoslashgan Futbol TV telekanali 2017 yil yanvarda UzReport telekanali qoshida tashkil etilgandi. Telekanal faoliyatini 2017 yil 23 apreldan boshlagan, o‘sha kuni “Real” va “Barselona” klublari o‘rtasidagi bahs jonli efirga uzatilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: