Ukraina Mudofaa vazirligi Oliy radaning Milliy xavfsizlik, mudofaa va razvedka bo‘yicha qo‘mitasidan harbiy holat davrida demobilizatsiya shartlari to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlashni 2025 yil 18 martgacha kechiktirishni so‘radi. Bu haqda 24 dekabr, seshanba kuni «Ukrayinska pravda» nashri mamlakat parlamenti mudofaa qo‘mitasidagi manba va Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerovning jurnalistlar ixtiyorida bo‘lgan xatiga tayanib xabar berdi.
«Bosh shtab tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, agar ushbu qonun loyihasi amalga oshirilsa, xizmatdan bo‘shash huquqiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarning taxminiy soni 108 ming kishini (shundan 14 ming nafari ofitserlar) tashkil etadi. Ularning bir vaqtning o‘zida ishdan bo‘shatilishi jangovar bo‘linmalar shaxsiy tarkibi soni sezilarli darajada qisqarishiga olib keladi», deyiladi maktub matnida, deb yozadi «Ukrayinska pravda».
Shu bilan birga, mamlakat Mudofaa vazirligi demobilizatsiya to‘g‘risidagi qonun loyihasining ikkita muqobil varianti ustida ishlagani aytilmoqda. Ular harbiy holat davrida 36 oy uzluksiz xizmat qilgan va kamida 18 oy jangovar hududda bo‘lgan harbiy xizmatchilarga ikki oygacha reabilitatsiyaga yuborish va 30 kunlik ta’til yoki 90 kunlik ta’til berishni taklif qilmoqda.
«Dronlar koalitsiyasi» Ukrainaga o‘n minglab UUA yetkazib beradi
AQSh boshchiligidagi Ramshtayn formati doirasida tuzilgan «dronlar koalitsiyasi» va «dengiz koalitsiyasi» deb ataladigan davlatlar tarkibiga kiruvchi yigirmadan ortiq mamlakat 2025 yilning yanvar oyidan boshlab Ukrainaga har xil turdagi «o‘n minglab» uchuvchisiz uchoqlar yetkazib berishni boshlaydi. Bu haqda Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Lyuk Pollard 19 dekabr kuni Londonda Jamoatlar palatasi deputatlari oldidagi chiqishi chog‘ida ma’lum qildi, uning so‘zlarini "Yevropeyska pravda" nashri keltirgan.
«Tasdiqlashim mumkinki, yanvar oyida jiddiy o‘zgarishlar kutilmoqda – biz Norvegiya va Latviyadagi hamkorlarimiz bilan birga yetakchilik qilayotgan dengiz va uchuvchisiz uchoqlar koalitsiyasi orqali o‘n minglab dronlarni yetkazib berishni boshlaymiz», — deya Pollard so‘zlaridan iqtibos keltiradi Ukraina nashri. «Britaniya hukumati Ukraina bilan hamkorlikni davom ettirib, uning NATOga a’zo bo‘lish yo‘lidagi taraqqiyotiga yordam beradi». Rasmiy shuningdek, Buyuk Britaniya «Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish sur’atini oshirish va Rossiya uchun urush olib borish xarajatlarini oshirish» maqsadida Ramshtayn davlatlari bilan hamkorlikni davom ettirayotganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Pollardning aytishicha, 19 dekabr kuni e’lon qilingan Ukraina uchun yangi 286 million dollarlik (275 million yevro) harbiy yordam paketi Buyuk Britaniya tomonidan boshqariladigan Ukrainaga yordam berish xalqaro jamg‘armasining 233 million dollarini o‘z ichiga oladi. Bu mablag‘lar asosiy harbiy texnika, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari va ularning tarkibiy qismlarini sotib olishga, shuningdek, Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining jangovar salohiyatini mustahkamlashga yo‘naltiriladi, deya aniqlik kiritadi «Yevropeyska pravda».