Rossiyada ayrim sohalardagi ishchi kuchi taqchilligini bartaraf etish maqsadida mehnat migrantlarini bitta ish joyiga bog‘lab qo‘yish rejalashtirilmoqda. Mamlakat Qurilish vazirligi tomonidan tayyorlangan va hukumat apparatiga kelishish uchun kiritilgan hujjat loyihasida shunday taklif haqida so‘z boradi. Hozircha uni Mehnat va Moliya vazirliklari qo‘llab-quvvatlagan.
Rejaga ko‘ra, ishlash uchun beriladigan patentlarga hozirgidek migrantning mutaxassisligi emas, balki u ishlayotgan kampaniya nomi yoziladi. Shu orqali Rossiyaga qurilishda ishlash uchun kelgan chet el fuqarolari kurerlik yoki taksichilik qilishga o‘tib keta olmaydi. Yangi tartibni qurilish sohasida 2025 yil aprel-iyun oylaridan joriy etish rejalashtirilmoqda. Qurilish vazirligining hisoblashicha, mazkur chora-tadbirlar kadrlar ketib qolishini minimallashtirish va migrantlar ustidan nazoratni kuchaytirish imkonini beradi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Rossiyada qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida 11,5 million kishi faoliyat yuritadi, ularning 1 millionga yaqini — xorijliklardir, ammo «qurilish kompleksi ishining uzluksizligini ta’minlash uchun» ko‘proq kadrlarni jalb etish zarurati bor. Bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin 20 dekabr kuni sohada 2020 yildan beri qurilishlar hajmi 30 foizga oshgani bois ishchi kuchi yetishmasligi kuzatilayotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 400 mingga yaqin mutaxassis yetishmayapti.
«A2» advokatlik byurosi yuristi Elen Zurnachyanning eslatishicha, 2024 yilda Rossiyada qurilish sohasida chet el fuqarolarini jalb qilish kvotalari o‘rnatilgan bo‘lib, bu kabi xodimlar soni 80 foizdan oshmasligi kerak. Yaqin xorij davlatlaridan kelgan shaxslar mamlakatda patent olib ishlash huquqiga ega — buning uchun ular mustaqil ravishda IIVning mahalliy bo‘linmalariga murojaat qilishlari lozim. Ruxsat uzog‘i bilan 12 oyga beriladi, hozirda, unda ish beruvchining nomi ko‘rsatilmaydi. Zurnachyanning ta’kidlashicha, yangi qoidalar qabul qilingudek bo‘lsa, ish joyini noqonuniy o‘zgartirgan migrant jarimaga tortilishi yoki Rossiyadan chiqarib yuborilishi mumkin.
Rossiyaga qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatga keladigan chet el fuqarosi o‘zining bo‘lajak ish beruvchisi bilan shartnoma tuzishi kerak, ammo ular keyinchalik boshqa kompaniyaga o‘tib keta oladi. «Trudovoy migrant» xalqaro alyansi direktori Sergey Boldirevning fikricha, bu turdagi taqiq qurilish sohasida kadrlar yetishmovchiligi muammosini hal etmaydi, chunki bunday ishlar «eng oson va serdaromad emas».