AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp prezident Jo Baydenning 37 mahbusga nisbatan o‘lim jazosini umrbod qamoq jazosiga almashtirish qarorini tanqid qilib, o‘lim jazosini qo‘llashga sodiqligini aytdi.
Tramp o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Baydenning 37 jinoyatchiga nisbatan o‘lim jazosini shartli ravishda ozod qilishsiz umrbod qamoq jazosiga almashtirish qarorini qabul qilib bo‘lmas deb atadi. Shuningdek, u bu qaror qurbonlarning oilalariga hurmatsizlik belgisi ekanligini ta’kidladi.
«Jo Bayden mamlakatimizning 37 nafar eng yomon qotili o‘lim jazosini almashtirdi. Ularning jinoyati haqida bilib olgach, qanday qilib bunday qarorga kelganiga ishonmaysiz. Bu behuda qadam. Qurbonlarning oila a’zolari va do‘stlari ko‘proq aziyat chekmoqda va nima bo‘layotganiga hayron», dedi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, prezidentlik lavozimini egallagach, federal darajada o‘lim jazosini qo‘llashni qat’iyat bilan davom ettirish niyatida.
Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden 40 mahbusdan 37 nafari uchun o‘lim jazosini umrbod qamoq jazosiga almashtirilishini e’lon qilgan edi. Bayden o‘lim jazosiga qarshi o‘z pozitsiyasini ta’kidlab, «Vijdonim yangi ma’muriyatga men to‘xtatgan qatllarni qayta boshlashiga yo‘l qo‘ymaydi», dedi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda Bayden federal darajada qatllarga moratoriy joriy qilgan edi.
Shu bilan birga, Donald Tramp saylovoldi tashviqoti chog‘ida giyohvand modda sotuvchilari va odam savdogarlari uchun o‘lim jazosini qo‘llash tarafdori ekanini ta’kidladi.