Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede AQSh saylangan prezidenti Donald Trampning orolga Vashington tomonidan «egalik va nazorat qilish» zarurligi haqidagi so‘zlariga javob qaytardi. OAV 23 dekabr, dushanba kuni uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi: «Grenlandiya Grenlandiya xalqiga tegishli».
Egede shunday qo‘shimcha qildi: «Biz sotmaymiz va sotilmaymiz. Ozodlik uchun uzoq davom etgan kurashimizni boy bermasligimiz kerak». Shu bilan birga, siyosatchi Grenlandiya «butun dunyo, ayniqsa qo‘shnilar bilan hamkorlik va savdo qilish uchun» ochiq qolishi kerakligini ta’kidladi.
Tramp: AQSh Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishi kerak
22 dekabr, yakshanba kuni Donald Tramp o‘zining Truth Social akkauntida Qo‘shma Shtatlar «butun dunyoda milliy xavfsizlik va erkinlikni ta’minlash» uchun «Grenlandiyaga egalik va nazorat qilishi mutlaq zarur», deb yozdi.
Prezident sifatidagi birinchi muddatida Tramp Grenlandiyani o‘z ichiga olgan Daniyaga orolni sotishni taklif qilgan edi. Biroq, o‘shanda Kopenhagen uning taklifini keskin rad etdi va mamlakat bosh vaziri Mette Frederiksen buni «bema’nilik» deb atadi, shuning uchun AQSh prezidenti hatto Daniyaga safarini ham bekor qildi.
Vashingtonning Grenlandiyani sotib olish g‘oyasi birinchi marta 1867 yilda AQSh davlat kotibi Uilyam Genri Syuard tomonidan taklif qilingan, u prezident Endryu Jonson ma’muriyatida ishlagan. O‘sha yili u Rossiyadan Alyaskani sotib olishga muvaffaq bo‘ldi.