Xitoy qutb suvlarida suzishga qodir dunyodagi eng yirik yuk tashuvchi kemani sinovdan o‘tkazdi

Jahon 23:08 / 24.12.2024 5036

Xitoy 58 ming tonna yukni sig‘dira oladigan yassi palubaga ega Fan Zhou 8 kemasini sinovdan o‘tkazgan. South China Morning Post’ning yozishicha, mazkur kema qutb suvlarida ham faoliyat ko‘rsatishga qodir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Fan Zhou 8 Chjetszyan provinsiyasidagi Taizhou Zhonghang kemasozlik zavodidan suvga tushirilgan va Shanxay sharqidagi suvlarda o‘tkazilgan «turli professional sinovlardan» keyin yana zavodga qaytib kelgan.

Ta’kidlanishicha, kema dengizda suzishga mo‘ljallangan kemalar kabi yuqori sifatlariga ega va Qutb kodeksi talablariga mos keladi. Uning uzunligi — 256 metrni, eni esa 51 metrni tashkil etadi. Kemaning suzish davomiyligi — 16 dengiz mili, maksimal tezligi — 15 uzeldan oshadi.

Kema o‘z palubasida turli yuklarni, jumladan, neft konlarni topishga mo‘ljallangan uskunalar, shamol va atom elektr stansiyalarining qismlari, shuningdek, po‘lat konstruksiyalar yoki yirik kemalar seksiyalarini tashiy oladi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Xitoyning China Shipbuilding Industry Corp (CSIC) kompaniyasi buyurtmaga asosan dunyodagi eng katta ruda tashuvchi kemani yaratgandi. O‘shanda Ore Tianjin deb nomlangan kema 400 ming tonna tashiy olishi aytilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: