Yaponiyada sun’iy gravitatsiyaga ega Oy majmuasi prototipi quriladi

Fan-texnika 20:53 / 23.12.2024 678

Yaponiyada 2030 yilga borib Oyni o‘zlashtirish uchun mo‘ljallangan sun’iy gravitatsiyaga ega to‘liq o‘lchamli turar joy majmuasining prototipini foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda, deb xabar beradi Kyodo agentligi.

Mazkur loyiha bilan mamlakatdagi eng yirik qurilish korporatsiyalaridan biri bo‘lgan Kajima hamda xususiy Kioto universiteti mutaxassislari shug‘ullanishga kelishib oldi.

The Lunar Glass nomi ostidagi aylanuvchan parabolik tuzilma balandligi 400 metrni, diametri esa 200 metrni tashkil etadi. U o‘z ichiga 10 ming kishini sig‘dira olishi taxmin qilinmoqda.

Loyiha joriy moliyaviy yilda ishga tushiriladi — kompyuter ishlanmalari va modellarni tayyorlash boshlanadi. Ayni vaqtga qadar Kajima korporatsiyasi va Kioto universitetining birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida parabolik majmuaning 1:2000 masshtabdagi kichraytirilgan prototipi ishlab chiqilgan.

Yaponiyadagi ko‘plab korporatsiyalar hozirda Oyni o‘zlashtirish bilan bog‘liq turli loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, Yerning tabiiy yo‘ldoshi bo‘ylab harakatlanishga mo‘ljallangan vezdexodlarni Yaponiyaning eng yirik avtomobilsozlik kompaniyasi — Toyota Motor yaratmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: