Toza havo va salomatlik uchun – Kaliforniya shtati 2035 yildan faqat elektromobillar sotuviga ruxsat beradi

Jahon 12:55 955

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati 18 dekabr kuni Kaliforniya shtatiga 2035 yilga qadar barcha yangi avtomobillar sotuvida nol emissiya bo‘lishini talab qiluvchi o‘z reglamentini to‘liq amalga oshirishga ruxsat berdi. Bu haqda Kaliforniya gubernatorligi ma’lum qildi.

Kaliforniya havo resurslari kengashi tomonidan 2022 yilda qabul qilingan Advanced Clean Cars II (ACC II) reglamenti ichki yonuv dvigateliga ega avtomobillar uchun emissiyalarni kamaytirishga doir qattiq talablarni ilgari suradi.

«Bayden-Xarris ma’muriyati biz o‘nlab yillar davomida bilgan narsamizni yana bir bor tasdiqladi – Kaliforniya havoni tozalash va ifloslanishni kamaytirish orqali odamlarimizni himoya qilish muammosiga yechim topishi mumkin. Har qachongidan ham ko‘proq marka va modellar mavjudligi sababli, millionlab kaliforniyaliklar allaqachon elektromobillarga o‘tishdi. Avtomobil ishlab chiqaruvchilari bu borada bizning iste’molchilar bilan birga qolish niyatida ekanliklarini ochiq aytdi. Biz odamlarning pulini tejaydigan toza avtomobillar sari intilamiz.

Kaliforniya gubernatori Gavin Nevsom

Saylangan prezident Tramp kabi tanqidchilar neft sanoatini iste’molchilar va mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilardan ustunroq ko‘ryapti, lekin Kaliforniya bozorda yangi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi», – degan Kaliforniya gubernatori Gavin Nevsom.

Qazilma yoqilg‘ilarda (benzin, dizel, gaz kabilar) yuradigan transportlar Kaliforniyadagi havo ifloslanishining eng katta manbayi hisoblanadi. Yuqoridagi tartibga ishga tushishi 2035 yilga qadar shtatda to‘liq ichki yonuv dvigatelida yuradigan yangi yo‘lovchi transport vositalarini sotishni bosqichma-bosqich to‘xtatadi.

Kaliforniya gubernatorligiga ko‘ra, Advanced Clean Cars II reglamenti quyidagilarni nazarda tutadi:

  • Iste’molchilar puli tejaladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, haydovchilar texnik xizmat ko‘rsatish va yoqilg‘i narxining pastligi tufayli no emissiyali mashinalarga o‘tishda 7,5 ming dollar mablag‘ini tejaydi. Tejalgan mablag‘ jami 90 milliard dollardan oshadi.
  • Hayotni va sog‘liqni saqlash xarajatlari uchun ham milliardlab dollarlar tejaladi. Ifloslantiruvchi moddalar 25 foizdan ko‘proqqa qisqarishi natijasida shtat aholisi nafas yo‘llari kasalliklari bilan bog‘liq tibbiy xarajatlarni 13 milliard dollargacha tejaydi.
  • Iste’molchilar uchun ko‘proq himoya ta’minlanadi. Yuqoridagi tartib elektromobil va batareyaning mustahkamligi uchun yangi talablar va kuchli kafolatlarni o‘z ichiga oladi. Natijada, nafaqat zavoddan, balki ishlatilgan “yashil tulpor”larning ham ishonchliligi ortadi.
  • Iste’molchi tanlovi oshiriladi. Dastur avtomobil ishlab chiqaruvchilardan Kaliforniyaga tobora talab ortib borayotgan “toza avtomobil”larni yetkazib berishni talab qiladi. Bunday transport vositalarining ko‘payishi hukumatning qazib olinadigan yoqilg‘iga qaramligini kamaytiradi. Ushbu avtomobillar esa asosan elektr yoki vodorod bilan ishlaydi. Kichik hajmdagi elektromobillardan tortib, kichik tonnali pikaplar ham elektrlashmoqda.

Oq uy ruxsat bergan istisnoga ko‘ra, reglament asosida og‘ir toifadagi avtobuslarni ham zararli azot oksidi emissiyasini keskin kamaytirish imkoni mavjud.

2026 yildan shtatdagi sotuvga chiqarilgan yangi avtomobillarning 35 foizi nol emissiyali bo‘lishi talab qilinadi. Bu raqamlar 2035 yilga borib 100 foizga yetishi kerak.

Ko‘plab amerikaliklar qatori millionlab kaliforniyaliklar ham allaqachon toza transport vositalariga o‘tishgan: 2 milliondan ortiq aholi nol emissiyali avtomobillar sotib olgan. Bu – yangi avtomobillar sotuvining to‘rtdan bir qismi. Elektromobillar uchun narxlar to‘sig‘i pasayib bormoqda.

Batareyalar – avtomobillarning eng qimmat komponenti bo‘lib, so‘nggi hisobotlarda akkumulyatorlar narxi ancha tez tushib borayotganini ko‘rsatmoqda. Natijada 2026 yilga kelib yangi elektromobillar narxlari ichki yonuv dvigatelli mashinalar narxi bilan tenglashib qolishi kutilyapti.

Bundan tashqari, Kaliforniya kam daromadli haydovchilarga ushbu mashinalarni sotib olishga imtiyozlar beradi, kommunal xizmatlardan rag‘batlantiradi.

Kaliforniyaning zaryadlash va yoqilg‘i bilan ta’minlash infratuzilmasi tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Hozirda Kaliforniyada 150 mingdan ortiq elektromobillarni ommaviy zaryadlash stansiyalari mavjud. Kaliforniya energetika komissiyasi yana 17 mingta zaryadlash stansiyalarini moliyalashtirish rejasini e’lon qildi. Investitsiya rejalari va boshqa dasturlar bilan birgalikda kelgusi yillarda shtatda 250 mingtagacha zaryadlovchi qurilma bo‘lishi kutilmoqda. Umumiy tarmoqqa qo‘shimcha ravishda, davlat hisob-kitoblariga ko‘ra, shtat bo‘ylab 500 mingdan ortiq uyda xususiy zaryadlovchi qurilmalari o‘rnatilgan”, – deyiladi Kaliforniya gubernatorligi bayonotida.

Shu bilan birga, bu reglament to‘liq ichki yonuv-dvigatelida ishlovchi oldin sotilgan avtomobillardan foydalanishni taqiqlamaydi. Haydovchilar 2035 yilgacha sotib olgan mashinalarini minib yuraveradi. Shuningdek, zaryadlanadigan gibrid avtomobillar sotuvi ham davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: