RKN WhatsApp va Skype'ga foydalanuvchi ma’lumotini FSBga topshirish majburiyatini yukladi

Jahon 09:57 1601

Rossiya Federatsiyasining Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy kommunikatsiyalarini nazorat qilish federal xizmati (Roskomnadzor, RKN) 12 ta messenjerni, jumladan WhatsApp va Skype'ni «axborot tarqatish tashkilotchilari» (ATT) reyestriga kiritdi. «Roskomsvoboda» loyihasi bunga 20 dekabr, juma kuni e’tibor qaratdi.

ATT reyestriga kiritilgan kompaniyalar Rossiya foydalanuvchilarining yozishmalari va ma’lumotlarini saqlashlari, shuningdek, so‘rov bo‘yicha Federal xavfsizlik xizmati (FSB)ga o‘tkazishlari shart. Xavfsizlik kuchlarining ushbu ma’lumotlarga doimiy kirishini tezkor messenjerlarga ega kompaniyalar o‘z mablag‘lari hisobidan o‘rnatishi shart bo‘lgan maxsus uskunalar yordamida ta’minlashi kerak.

Reyestrga WhatsApp va Skype'dan tashqari Shveytsariyaning Wire messenjeri, Britaniyaning Element, Janubiy Koreyaning KakaoTalk, Germaniyaning Crypviser va boshqa onlayn servislar kiritildi.

Rossiyada Viber messenjeriga kirish cheklandi

Roskomnadzor Rossiya Federatsiyasida Viber messenjeriga kirishni cheklaganini e’lon qildi. Qaror Rossiya qonunchiligining axborot tarqatish tashkilotchilariga nisbatan talablari buzilgani bilan bog‘liq, deb xabar berdi 13 dekabr kuni idora.

Ushbu talablarga rioya qilish «messenjerdan terroristik va ekstremistik maqsadlarda foydalanish, fuqarolarni ularni sodir etishga jalb qilish, giyohvand moddalarni sotish, shuningdek, noqonuniy ma’lumotlarni joylashtirish bilan bog‘liq tahdidlarning oldini olish uchun zarur», deyiladi xabarda.

Viber messenjeri Yaponiyaning Rakuten kompaniyasiga tegishli. Mediascope ma’lumotlariga ko‘ra, bir oyda Rossiya aholisining o‘rtacha 26 foizi undan foydalanadi.

Roskomnadzor «axborot tarqatish tashkilotchilari» (ATT) reyestriga internet foydalanuvchilari uchun aloqa imkoniyatlarini taqdim etadigan platformalar egalarini kiritadi. Hozirda u 400 dan ortiq ATTni o‘z ichiga oladi. Ular foydalanuvchilarning o‘zaro aloqalari va ularning yozishmalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va FSBga taqdim etishlari shart.

Ko‘proq yangiliklar: