Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Kursk oblastining Rilsk shahriga yirik raketa zarbasi berdi, deb xabar qildi mintaqa gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Xinshteyn 20 dekabr, juma kuni o‘zining Telegram-kanalida.
Xinshteynning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, otishma natijasida olti kishi halok bo‘lgan, ulardan biri yosh bola. Yana 10 nafar jabrlanuvchi, jumladan 13 yoshli bola kasalxonaga yetkazilgan. «Ularning jarohatlari yengil deb tasniflanyapti», deb yozadi siyosatchi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina qo‘shinlari mahalliy madaniyat markazi, boshlang‘ich maktab binosi, aviatsiya kollejining turar joy va o‘quv binolari va boshqa bir qancha binolarga ham zarar yetkazgan.
Kiyev ertalab RF QK tomonidan o‘qqa tutildi
20 dekabr kuni ertalab Ukraina poytaxti Kiyev va uning atrofidagi hududlar rus qo‘shinlarining ommaviy hujumiga uchradi. Shahar meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, urib tushirilgan Rossiya raketalari qoldiqlari poytaxtning to‘rt tumaniga tushgan.
Keyinroq mahalliy hukumatning aniqlik kiritishicha, hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana 12 kishi jarohatlangan. Bundan tashqari, Albaniya, Argentina, Falastin ma’muriyati, Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya va Portugaliya elchixonalari binolari zarar ko‘rgan, deb xabar qildi Ukraina TIV. Diplomatlar orasida qurbonlar yo‘q.