Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishgach, Ukrainaga yordam berishda davom etishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Financial Times (FT) gazetasi 20 dekabr, juma kuni Respublikachilar jamoasiga tayanib. Shu bilan birga, Tramp, FT manbalariga ko‘ra, NATO a’zolaridan mudofaa xarajatlarini YaIMning 5 foizigacha oshirishni talab qilmoqchi. Muzokaralardan xabardor odamlar jurnalistlarga ma’lum qilishicha, AQSh saylangan prezidentining tashqi siyosatdagi eng yaqin yordamchilari shu oydagi maslahatlashuvlar chog‘ida Yevropaning yuqori martabali amaldorlariga uning pozitsiyasi haqida ma’lumot berishgan.
Ayni paytda NATOga a’zo 32 davlatdan atigi 23 tasi yalpi ichki mahsulotining kamida 2 foizini harbiy ehtiyojlarga sarflaydi, deya eslatadi FT. Ushbu xarajatlarni 5 foizga oshirish ularni ikki barobardan ko‘proqqa ko‘taradi. Trampning rejalari bilan tanish bo‘lgan yevropalik amaldorlardan biri nashr bilan suhbatda gap ko‘proq YaIMning «uch yoki undan ko‘p foizi» haqida ketayotganini ta’kidladi. Uning aniqlik kiritishicha, Qo‘shma Shtatlar bu mavzuni 2025 yil iyun oyida Haagada bo‘lib o‘tadigan Shimoliy Atlantika alyansi sammitida muhokama qilmoqchi.
Oq uyga ko‘ra, AQSh mudofaa xarajatlari 2024 yilda YaIMning 3,1 foizini tashkil qiladi. Trampning birinchi prezidentlik muddatining so‘nggi yilida (2020 yilda) Pentagon xarajatlari 3,4 foizga yetdi, deb yozadi FT.
Shols va Tramp telefon orqali Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi juda uzoq davom etmoqda. Germaniya kansleri Olaf Shols va AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 19 dekabri kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida shunday fikrga kelishdi, deb xabar bermoqda Germaniya hukumati matbuot xizmati.
Germaniya kanslerining rasmiy vakili Shteffen Xebeshtrayt ta’kidlaganidek, «Yevropadagi xavfsizlik muammolari suhbat markazida bo‘lgan». «Ular Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi juda uzoq davom etayotgani va imkon qadar tezroq halol, adolatli va barqaror tinchlik o‘rnatish yo‘lidan borish muhimligi haqida kelishib oldilar», — dedi Xebeshtrayt.