«Mediazona» jurnalistlari BBC rus xizmati va volontyorlar jamoasi bilan ochiq manbalar asosida 2024 yilda Ukrainadagi urushda 20 ming 364 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘lganini tasdiqladi.
Qayd etilishicha, 2024 yil Rossiya armiyasi uchun Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush davridagi eng qonli yilga aylanishi mumkin. Jurnalistlar 2022 yilda — 18 ming 983 kishi, 2023 yilda esa 33 ming 550 kishi urushda halok bo‘lganini tasdiqlashga erishgan. Yana 11 ming 860 nafar rossiyalik harbiy qaysi sanada vafot etgani noma’lum.
«Nekrologlarning rekord darajada katta oqimi sabab volontyorlar kelib tushayotgan ma’lumotlarni qayta ishlashga ulgurmayapti», — deyiladi xabarda.
Nashrga ko‘ra, 2024 yilda ko‘ngillilar orasida yo‘qotishlar soni birinchi o‘ringa chiqqan. 2022 yilda birinchi o‘rinni Havo-desant qo‘shinlari harbiylari, 2023 yil esa mahbuslar band etgandi. Sentyabr oyida jurnalistlar ilk bor keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri ko‘ngillilarning halok bo‘lishiga bog‘liq holat urushning boshqa ishtirokchilariga, xususan, mahbuslar yoki safarbarlikka jalb etilganlarga nisbatan oshib ketganini ma’lum qilgan edi.
Joriy yilda, shuningdek, yo‘qotishlar geografiyasi ham o‘zgargan. Birinchi o‘ringa Boshqirdiston va Tatariston chiqqan — 2024 yil davomida ushbu respublikalarning qariyb 2 ming fuqarosi urushda halok bo‘lgan.
Jurnalistlar 2022 yil 24 yanvardan beri jami 84 ming 761 nafar rossiyalik harbiyning o‘limini tasdiqlashga erishgan.
«Mediazona» va BBC rus xizmati volontyorlar jamoasi bilan OAV, davlat hokimiyat organlari yoki ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlar orqali halok bo‘lgan rossiyaliklarning hisobini yuritib keladi. Rossiya hukumati urushdagi yo‘qotishlar haqida oxirgi marta 2022 yil sentabrda ma’lumot bergan. O‘shanda RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu 5937 kishi halok bo‘lganini aytgandi.