Ispaniya hukumati 7 tonna kokainni musodara qildi

Jahon 22:58 / 30.12.2024 1719

Ispaniya hukumati fermalardan biridagi yerostiga yashirilgan dengiz konteynerlari ichidan 7 tonna kokainni musodara qildi.

Qayd etilishicha, giyohvandlik moddalarini aniqlash bo‘yicha operatsiya 27 dekabr kuni, Gavadalkvivir daryosida ikkita shubhali qayiq payqalganidan keyin boshlangan.

Tegishli idoralar qayiqni Koriya-del-Rio tumanidagi fermagacha kuzatib borgan va gumonlanuvchilar ikkita yerosti konteyneriga narkotiklarni yashirganini aniqlagan.

Operatsiya davomida uch kishi qo‘lga olingan. Shuningdek, 7 tonna kokaindan tashqari uchta o‘qotar qurol, jumladan, «AK-47» avtomati hamda o‘g‘irlangan ikkita avtomobil musodara qilingan.

Politsiyaga ko‘ra, mazkur operatsiya Gvadalkvivir daryosi orqali amalga oshirilib kelinadigan giyohvandlik moddalari savdosi tarmog‘iga jiddiy zarar yetkazgan.

Dekabr boshlarida Moskvada Kolumbiya karteli a’zolari yarim tonna kokain bilan qo‘lga tushgani, Dominikana rasmiylari rekord darajadagi 9,5 tonna kokainni musodara qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, noyabr oxirlarida Kolumbiya politsiyasi dunyoning 61 ta davlatidan bo‘lgan hamkasblari bilan birgalikda «Orion» nomi ostida giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi keng ko‘lamli operatsiyani o‘tkazgandi. Ular olti hafta ichida 225 tonna kokain musodara qilishga muvaffaq bo‘lgan (2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 671 tonnani tashkil etgan).

Ko‘proq yangiliklar: