Pokiston oziq-ovqat xavfsizligi va tadqiqoti vaziri o‘rinbosari Nilofar Hafiz va savdo vaziri o‘rinbosari Mariya Kazi bilan uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Yakunda o‘zaro manfaatli bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning normativ-huquqiy bazasini mustahkamlash, o‘zaro eksport va import mahsulotlari ro‘yxatini kengaytirish orqali savdo aylanmasi hajmini oshirish, muntazam ravishda fitosanitariya xizmatlari o‘rtasida uchrashuvlarni tashkil etish va ruxsatnomalar rasmiylashtirish mexanizmlarini yanada soddalashtirish, Pokiston supermarketlarida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari burchagini tashkil etishga kelishildi.
Shuningdek, o‘zaro axborot almashish, jumladan fitosanitariya sertifikatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yetkazishda elektron va raqamli platformalardan foydalanish borasida ahdlashib olindi.
Mamlakat delegatsiyasi a’zolari qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi va logistika-transport xizmatlarini ko‘rsatuvchi Pokistonning 30 dan ortiq yirik kompaniya vakillari ishtirokida G2B va B2B shakllarida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tadbirda o‘zaro mahsulotlarni yetkazib berish tartibi, shartnomada aks ettiriladigan muhim qoida va majburiyatlar, to‘lov usullari, logistika va saqlash omborlariga oid masalalar xususida batafsil ma’lumot almashildi.