Nashrda ta’kidlanishicha, BMT YeIK ijrochi kotibi Tatyana Molchan va O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti (JST) bo‘yicha maxsus vakili va bosh muzokarachi Azizbek Urunov kelgusi besh yil ichida mamlakatda savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va mamlakatning 2026 yilga rejalashtirilgan JSTga kirishini qo‘llab-quvvatlash sohasidagi islohotlar uchun strategik asos bo‘lib xizmat qiladigan O‘zbekiston savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha milliy "yo‘l xaritasi"ni imzoladilar.
"Yo‘l xarita"si BMT YeIK metodologiyasidan foydalangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari bo‘yicha maxsus dasturi (SPeKA), xususan, SPeKA savdoga ko‘maklashish strategiyasi va SPeKA Barqaror savdo tamoyillari umumiy strategiyasiga mos keladi.
"Bu O‘zbekistonni jahon iqtisodiyotiga integratsiya qilish va undan foyda olish uchun qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlarning bir qismidir. Tartibga soluvchi va protsessual to‘siqlarni kamaytirish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini rivojlantirish va kengaytirishdan tortib, infratuzilmani yaxshilash va barqarorligini ta’minlash uchun samarali davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlashgacha", – deya BMT YeIK ijrochi kotibi so‘zlaridan iqtibos keltirilgan nashrda.
Qayd etilishicha, milliy "yo‘l xaritasi"da O‘zbekiston eksportni ko‘paytirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan bozorlarga chiqishni yaxshilash uchun ushbu jihatlarni jadallashtirish bo‘yicha o‘z qarashlarini uchta asosiy maqsad bilan belgilab beradi.
"Ular savdoni osonlashtirish bo‘yicha xizmatlarini o‘zgartirish va JSTning Savdoni osonlashtirish to‘g‘risidagi bitimida ko‘zda tutilgan savdoni osonlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni to‘liq amalga oshirishga erishish, asosiy tovarlar eksporti va importi uchun raqamli hujjatlar va ma’lumotlar almashinuvini to‘liq amalga oshirish, hamda Jahon bankining logistika samaradorligi indeksida O‘zbekistonni yetakchi 50 davlat qatoriga kiritishdir", – deyilgan maqolada.