Oltiariqda bir uyda ikki ayol bilan er-xotin bo‘lib yashagan erkak ozodlikdan mahrum qilindi

Jamiyat 13:26 / 18.12.2024 21335

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi shaxs qo‘shxotinlik va oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 2001 yilda tug‘ilgan D.O‘. Oltiariq tumanining Sharq mahallasidagi uyida 2023 yilning avgust oyidan 2024 yilning may oyiga qadar X.T. va S.I. bilan er-xotin sifatida yashab kelgan. Erkak 2024 yil 24 may kuni turmush o‘rtog‘i S.I. bilan janjallashib, homiladorligini bilgani holda uning yuziga musht tushirgan. Oqibatda S.I.ning pastki jag‘ suyagi ikki joyidan sinib, u o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati olgan. 

D.O‘. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan hamda qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.

2022 yilda X.ga uylandim. Undan 1 nafar farzandim bor. 2023 yilning avgust oylarida esa Namangan shahrida ishlab yurganimda S.I. bilan tanishib qoldim va uni ham uyimga olib kelib, turmush qurdim. 2024 yilning may oyiga qadar ular bilan bir uyda er-xotin bo‘lib yashab keldik. Lekin ularning hech qaysi biri bilan qonuniy nikohdan o‘tmadim. Chunki pulim yo‘qligi uchun nikohni qonuniylashtirmadim.

2024 yilning 24 may kuni xotinlarim X. va S. pul masalasida gap talashib, janjallashib qolishdi. Shunda ularni ajratib, S.ning yuziga bir musht urib yubordim. Uning og‘zi qonab ketdi.

Janjaldan so‘ng xotinlarimni alohida qilib ajratib qo‘ydim va S. bilan yashay boshladim. X. esa qo‘shni hovlida ammasi Zarifa bilan yashay boshladi. Ammo ularning ikkalasi bilan ham aloqani uzmadim”, degan erkak o‘z ko‘rsatmasida.

Sud hukmi bilan D.O‘. Jinoyat kodeksining 126-moddasi (ko‘p xotinli bo‘lish) va 126-1-moddasi 5-qismi “b” bandida (homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Ko‘proq yangiliklar: