Rossiyaning Qora dengiz sohilidagi Anapa shahrida 15 dekabr kuni Qrim qirg‘oqlari yaqinida ikki tankerning halokatga uchrashi oqibatida qirg‘oq chizig‘iga neft mahsulotlari chiqishi munosabati bilan favqulodda holat joriy etildi. Bu haqda 17 dekabr, seshanba kuni Anapa meriyasi Telegramʼda ma’lum qildi.
«Gubernatorning topshirig‘iga ko‘ra, voqea joyiga tezkor shtab joylashtirildi, oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha operatsiya o‘tkazilmoqda, qutqaruv xizmatlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi kuchlari, kazaklar va ko‘ngillilar jalb qilindi», — deyiladi ushbu postda.
O‘z navbatida, Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratevning Telegramʼda ma’lum qilishicha, voqea joyida operativ xizmatlardan 267 kishi ishlamoqda, 50 ta texnika jalb qilingan.
Uchinchi tankerdan favqulodda signal
Ayni paytda, 17 dekabr kuni, ayrim OAV xabarlariga ko‘ra, uchinchi tanker Qora dengizda Kavkaz porti yaqinida avariya signalini yuborgan. «Tankerdan falokat signali yuborildi», — deya xabar beradi TASS agentligining Dengiz qutqaruv xizmatidagi suhbatdoshi.
Aniqlik kiritilishicha, halokat signalini yuborgan tanker korpusiga zarar yetmagan: «Volgoneft 109» kemasi kapitani bergan ma’lumotlarga ko‘ra, kemaning yuk tanki zarar ko‘rgan. Korpusning o‘ziga shikast yetmagan — dengizga sizib chiqish kuzatilmagan».
«Merkuriy» dengiz qutqaruv xizmati qutqaruv kemasi hamrohligida «Volgoneft 109» kemasi xavfsiz to‘xtashni amalga oshirildi. «Merkuriy» buni ta’minlash uchun yaqin joyda joylashgan», — deyiladi TASS xabarida.