Viskonsindagi maktabda yuz bergan otishmada uch kishi halok bo‘ldi

Jahon 10:35 / 17.12.2024 1828

Viskonsin shtatining Medison shahrida xususiy xristian maktabida otishma yuz berdi. Mahalliy huquq-tartibot idoralarining 16 dekabr, dushanba kuni ma’lum qilishicha, qurolli hujum natijasida uch kishi halok bo‘lgan, yana yetti kishi hayot uchun xavfli bo‘lmagan yengil jarohatlar olgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, otishmada gumon qilingan o‘smir ham o‘lik holda topilgan. U shu maktabning o‘quvchisi edi. Mahalliy politsiya boshlig‘i Shon Barns matbuot bilan suhbatda hujumchi o‘z joniga qasd qilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

«Bugun nafaqat Medison uchun, balki butun mamlakatimiz uchun qayg‘uli kun», — deya Barnsning so‘zlarini keltiradi AP. Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, tergov gumonlanuvchi 9 mm kalibrdagi to‘pponcha ishlatgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Otishma sodir bo‘lgan maktab — Abundant Life xususiy maktabi. U yerda jami 390 nafarga yaqin bola tahsil oladi.

Voqea haqida izoh berar ekan, Viskonsin gubernatori Toni Evers shunday dedi: «Biz bolalar, o‘qituvchilar va butun Abundant Life maktabi jamoasi uchun duodamiz. Yangi ma’lumotlarni kutyapmiz va tezkor xizmat xodimlaridan minnatdormiz». Oq uyning bildirishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden otishma haqida xabardor qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: